Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya olish uchun onlayn ariza yuborish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda portalning o‘zida ma’lum qilingan.
Barcha zarur hujjatlar Yagona portal orqali taqdim etiladi. Xizmat natijasi bo‘lib litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror hisoblanadi.
Ushbu davlat xizmati pullik hisoblanib, faqatgina yuridik shaxslarga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi PF-4725-son Farmoniga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Xalq bankining yuridik shaxslar va fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga olish, shuningdek, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga pensiya badallari reyestrlarini qabul qilish va qayta ishlash xizmatlari ishga tushirildi.
Endilikda yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin Yagona portal orqali jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga qo‘yish, shuningdek, o‘z xodimlarini jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, yuridik shaxslarga Yagona portal orqali jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga ishtirok etuvchi xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar reyestrini yuborish imkoniyati yaratildi.