FIFAning sobiq vitse-prezidenti va KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika va Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi) sobiq rahbari Jek Uornerning o‘g‘li Derian JCh-2006 va JCh-2010 chiptalarini noqonuniy qayta sotish bilan shug‘ullanganini tan oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Derian Uorner ukasi Deril va otasi kabi FIFAdagi korrupsiya ishi bo‘yicha tergov qilinmoqda. Ayni vaqtda Jek Uorner mazkur jinoyat ishida asosiy gumonlanuvchidir. “Men JCh-2006 va JCh-2010 chiptalarini sotib olib, bundan yaxshi foyda chiqarish mumkinligini tushunib, qayta sotgandim”, - dedi Derian AQShdagi sudda. Uning qayd etishicha, faqat JCh-2006 chiptalarini bevosita FIFAdan olgan.
Asli Trinidad va Tobago fuqarosi bo‘lgan va AQShda mehnat faoliyatini olib boruvchi Derian Uorner soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlaganlikda ham ayblanmoqda. U 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.