Buxoro shahrida tennis bo‘yicha “Fyuchers” turkumiga kiruvchi mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSh dollaridan iborat bo‘lgan turnirda chorak final ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“Dilkusho” tennis kortlari mezbonlik qilayotgan musobaqaning asosiy to‘rida sakkiz nafar tennischimiz o‘z ishtirokini boshlagan bo‘lsa, ulardan faqat bir nafari bahslarni davom ettiryapti.
Musobaqaga imtiyozli ravishda qo‘yilgan iste’dodli tennischimiz Jo‘rabek Karimov ikkinchi davrada qirg‘izistonlik Daniyar Duldayevga qarshi kortga chiqdi va tajribali raqibidan ikki setda ham bir xil 6:4 hisobida ustun keldi. Endi Jo‘rabek bugun chorak finalda turnirning to‘rtinchi raketkasi rossiyalik Anton Zaysev bilan hisob-kitob qiladi.
Yana bir hamyurtimiz Azizbek Luqmonov esa chorak finalga chiqa olmadi. Asosiy to‘rga imtiyozli chipta bilan qo‘yilgan Luqmonov hindistonlik Vishnu Vardanga 1:6, 4:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Izoh (0)