Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lining Farhod bozoriga yaqin qismida qoldirib ketilgan obodonlashtirish xizmati tirkamasiga oq rangdagi Lacetti avtomobili borib urildi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari ma’lum qilgan.
Suratlar muallifining so‘zlariga ko‘ra, obodonlashtirish xizmati ishchilari yo‘lning quvib o‘tish uchun mo‘ljallangan, qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siq yonidagi uchinchi bo‘lagida ikkita tirkamani qoldirib ketgan. Tirkamalar oldiga hech qanday ogohlantirish belgilari qo‘yilmagan. Qorong‘u, yomg‘ir, kechki tig‘iz paytda Lacetti tirkamaning o‘ng burchagiga borib urilgan. Haydovchi shifoxonaga olib ketilgan.
Ushbu holatga izoh berganlarning aksariyati yo‘l-transport hodisasiga tirkamalarni yo‘lda ogohlantirish belgilarisiz qoldirib ketgan obodonlashtirish xizmati sababchi bo‘lgani va aybdor javobgarlikka tortilishi lozimligini ta’kidlagan. Ba’zi foydalanuvchilar esa haydovchining o‘zi yo‘l harakati qoidalariga to‘liq rioya qilib, tezlikni ham me’yorda ushlaganida bunday holat sodir bo‘lmasligini ma’lum qilgan, boshqalar eng muhimi haydovchi omon qolishi ekanligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kichik halqa yo‘lining shu qismida o‘tgan haftada BMW qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib, bir necha avtomobillar bilan to‘qnashishi oqibatida Captiva haydovchisi halok bo‘lganini “Voditeli Tashkenta” a’zolari ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)