Qashqadaryo viloyatida bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“Viloyatimiz hududida 1000 ga yaqin madaniy meros obyekti mavjud. Uning 160 dan ortig‘i arxitektura inshooti, 690 ga yaqini arxeologik yodgorlik, 61 tasi qadimiy san’at obidasi, qolgani ziyoratgohlardir, — dedi Qashqadaryo viloyati madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Xalilov. — Ayni vaqtga qadar Qarshi shahridagi Abu Ubayda ibn al-Jarroh ziyoratgohida olib borilgan bunyodkorlik ishlari yakuniga yetdi”.
Shahrisabz tumanidagi Chubin va Abdushukur Og‘oliq madrasalarida “Ijod” xususiy korxonasining ustalari restavratsiya ishlarini amalga oshirmoqda.
Turizmni rivojlantirish dasturi doirasida Qarshi tumanidagi Imom Mo‘iyn an-Nasafiy va Xo‘ja Shamsiddin Halvoniy ziyoratgohlarida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi.
“Ayni paytga qadar ziyoratgohning xilxona, duxtarxona (xotin-qizlarni o‘qitishga mo‘ljallangan kichik madrasa), chor eshik va boshqa hujralarida qurilish ishlari amalga oshirildi, — dedi Imom Mo‘iyn an-Nasafiy ziyoratgohi mas’uli Shavkat Karimov. — Bunyodkorlik ishlarini fevral oyidan davom ettirish mo‘ljallanmoqda”.
Bugungi kunda Shahrisabz, Kasbi, Yakkabog‘, Chiroqchi tumanlaridagi Oqsaroy, Dorut-tilovat, Sulton Mir Haydar majmualari, “Koba” karvonsaroyi, Yodgor Valloma madrasasi, Katta Langar ota masjidi va boshqa obyektlarda ham qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)