Toshkent shahri Chilonzor tumani 8-mavzesidagi xonadonlardan biridan shu yerda yashagan ikki nafar qizlarning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Bu haqda “Huquq” gazetasiga asoslanib “Uz24.uz” xabar bermoqda.
Mazkur qotillik jinoyatini fosh etish yo‘lida ishga aloqadorligi gumon qilingan shaxslar tergovga jalb qilinib, uyali aloqa raqamlari tahlil qilindi, ularning yashash xonadonlarida tintuv va turli ekspertizalar o‘tkazildi. Natijada, mazkur jinoyat namanganlik fuqaro Orifjon Sobirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tomonidan sodir etilganligi fosh bo‘ldi.
1985-yilda tug‘ilgan samarqandlik Sabina Turg‘unova turmushga chiqib, bir nafar farzandli bo‘lgach, eri bilan qonuniy ajrashmasdan turib, uyiga qaytib keldi. Bolasini onasiga qoldirib, Toshkentdagi kafelardan biriga ishga joylashdi. Shunday kunlarning birida u Orifjon bilan tanishib, u bilan yashay boshladi. Poytaxtda ular bilan birga 1991-yilda tug‘ilgan Xosiyat Eshmirzayeva ham istiqomat qilardi.
Bir kuni Sabina ishga borishini aytib kechki payt uydan chiqib ketdi. Tuni bilan ham xavotir, ham rashk o‘tida qovurilib chiqqan Orifjon uni haqoratli so‘zlar bilan kutib oldi. Sabina ham shunga yarasha javob qaytardi. Janjal avjiga chiqdi. Sabina yigitga hech kim emasligi, ishiga ham aralashishga haqqi yo‘qligini aytib, mehmonxonaga chiqib ketganida Orifjon chidab turolmadi.
Orqasidan yugurib kirdi-da, qizni bo‘g‘a boshladi. Qiz ovoz chiqarmay, yerga yiqilgandan keyingina, qo‘lini bo‘shatdi. Uni o‘ldi deya gumon qilib, qilmishidan qo‘rqib ketdi. Biroq tezda o‘zini qo‘lga olib, vaziyatdan chiqish yo‘lini qidira boshladi.
Bir mahal uxlab yotgan Xosiyatni eslab qoldi va uni ham “yo‘qotish”ga kirishdi. Stol ustida yotgan oshxona pichog‘ini olib, Xosiyatni bir qo‘li bilan bo‘g‘ib, yerga yiqitgach, pichoqni ishga soldi. Ishni bitirib, mehmonxonaga kirganda Sabina nafas olayotganini payqadi. Uni sudrab, vannaxonaga olib kirdi va kir yoyishga mo‘ljallangan arqonni bo‘ynidan aylantirib, yana bo‘g‘a boshladi. O‘lganiga ishonch hosil qilgandan keyin odamlar yengil tabiatli qiz ekanligini bilishsin, deya shimini yechib tashlab, ustiga choyshab yopib qo‘ydi. So‘ngra, har ikkala qizning qo‘l telefonlarini olib, uyni tark etdi.
Rashk tufayli ikki inson dunyodan bevaqt ko‘z yumdi. Bunga sababchi bo‘lgan kimsa esa sudning hukmi bilan 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)