Janubiy Koreya maydonlarida tashkillashtirilayotgan Osiyo o‘yinlarining futbol musobaqalari tobora qizg‘in tus olmoqda. O‘zbekistonlik futbolchilarning o‘yinlarini mezbon yurt OAVlari sinchkovlik bilan kuzatmoqda. Chunki guruhdan chiqiboq O‘zbekiston va Janubiy Koreya to‘qnashuvi yuz berishi ehtimoli yo‘q emas, deb xabar berdi Stadion.uz.
Kecha O‘zbekiston terma jamoasi ilk turda Gonkong terma jamoasi bilan 1:1 hisobida durang qayd etganini xabar qilgan edik. Mazkur natija esa hammadan ko‘ra koreys jamoatchiligini hayratga soldi. Koreyadagi nufuzli “MK Sports” internet nashri O‘zbekistonni ushbu o‘yindagi “taxmin qilinmagan qurbon” deb atadi.
“Musobaqa chempionligi uchun asosiy da’vogarlardan bo‘lgan O‘zbekiston osongina g‘alaba qozonishi kutilgandi. O‘zbeklar bizning terma jamoamizning chempionlikdagi eng muhim raqiblaridan biri edi. Lekin kutilmagan durang! Endi O‘zbekiston guruh g‘olibligiga erishish uchun Bangladesh va Afg‘oniston darvozalariga Gonkongdan ko‘proq gol kiritishi lozim bo‘ladi”, — deb yozadi nashr.
Internet nashri, shuningdek, o‘yindan keyin gonkongliklar bosh murabbiyi, asli koreyalik Kim Pan Gonning fikrlarini ham keltirib o‘tgan. Gonkongliklar murabbiyi durangdan xursand ekanligini yashirmagan: “Raqibning kuchli bosimi ostida qolgan bo‘lsak ham shogirdlarim ruhan ustunlikka erishganlaridan mamnunman. Biz guruhdan chiqishni istaymiz va javob golini kiritish uchun ruhan kuch topa oldik”.
O‘zbekiston — Gonkong o‘yin statistikasiga ko‘ra, darvozalar sari zarbalar bo‘yicha hisob 16-4 O‘zbekiston foydasiga bo‘lgan. Koreyaning chekka bir viloyatida tug‘ilib o‘sgan va Koreyada unchalik taniqli bo‘lmagan Gonkong bosh murabbiyi Kim Pan Gon bugun koreys diyorida haqiqiy ma’noda o‘z nomini tanitdi. Koreys nashrlari hatto unga “Gonkong Gus Xiddinki” deb ta’rif bermoqda. Koreys murabbiy gonkongliklarni qaysi bosqichgacha olib bora olishini esa vaqt ko‘rsatadi, deb qayd etdi Stadion.uz.
Izoh (0)