Toshkent shahrining Hamza tumani, Ohangaron shoh ko‘chasida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi ishga tushdi. Bu haqda “O‘zbekiston ovozi” gazetasiga asoslanib, “Kun” xabar berdi.
Intermobilgaz kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Murtazo Sultonovning ma’lum qilishicha, stansiya Italiyaning M.T.M. BRC Gas Compressors kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda loyihalashtirilgan bo‘lib, “O‘zsanoatqurilishbank”ning moliyaviy ko‘magi bilan qurilgan. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 50 nafarga yaqin mahalliy yosh ish bilan ta’minlangan.
“Ayni paytda, Italiya kompaniyasining Massimiliano Fissore, Per Luiji Stappinno, Nikolo Ranouldu, Andreya Boa, Axmed Zenzun va Javanni Bernazzalilardan iborat mutaxassislar guruhi ushbu kompressor stansiyasining innovatsion muhandislik jihozlari va uskunalarining sifatli ishlashini monitoring qilib turibdi”, — deyiladi gazeta xabarida.
Qayd etish joiz, o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish bo‘yicha 150 dan ortiq kompressor stansiyalari tashkil etildi, 2016-yilgacha esa ularning sonini 400 tagacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)