Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIII milliy chempionati oliy ligasining sakkizinchi tur o‘yinlari yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Turning so‘nggi uchrashuvi Qarshi shahrida “Nasaf” va O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridan hujumkor o‘yin namoyish etgan qarshilik charm to‘p ustalari 10-daqiqada hisobni ochdi. Artur Gevorkyanning o‘ng qanotdan oshirgan to‘pini Ilhom Yunusov “Bunyodkor” darvozasiga joyladi. Shundan so‘ng har ikki jamoa darvozasi oldida bir nechta xavfli vaziyatlar uyushtirilgan bo‘lsa-da, birinchi bo‘limda boshqa gol kiritilmadi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan Ilhom Shomurodov o‘yinning 77-daqiqasida mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Shu tariqa Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari 17 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
“Lokomotiv” (Toshkent) futbolchilari “Qizilqum” (Navoiy) jamoasidan 4:1, “Metallurg” (Bekobod) a’zolari “So‘g‘diyona” (Jizzax) jamoasidan 4:2, “Neftchi” (Farg‘ona) o‘yinchilari “Olmaliq” (Olmaliq) jamoasidan 2:1 hisobida ustun keldi.
“Navbahor” (Namangan) va “Andijon” jamoalari uchrashuvida namanganlik futbolchilar 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Dinamo” (Samarqand) o‘z maydonida “Mash’al” (Muborak) jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Chempionat peshqadami “Paxtakor” va “Buxoro” jamoalari bahsida hisob ochilmadi.