Qashqadaryo viloyati hokimining matbuot kotibi Ahror Sodiqov viloyat hokimligi “Mehr daftari” jamg‘armasi hisobidan to‘rtta BYD Song Plus avtomashinalar xarid qilayotgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, mazkur holatda texnik xatolik yuz bergan bo‘lishi mumkin. Viloyat hokimligi xarid qilgan gibrid transport vositalari prezident qarori asosida xalq deputatlari viloyat kengashining 2024-yil 16-fevraldagi K/24-sonli qarori qabul qilinib, unga asosan mahalliy byudjetning 2024-yil boshidagi erkin qoldik mablag‘lari hisobidan xarid qilingan. Yaʼni avtomobillar xaridi uchun “Mehr daftari” jamg‘armasidan mablag‘ o‘tkazilmagan.
Qayd etilishicha, ushbu avtomobillar Vazirlar Mahkamasining 258-sonli “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan meʼyorlar amal qilgan holda xarid qilingan.
Hozirda serverda nega “Mehr daftari” jamg‘armasi ko‘rsatilayotgani sabablari o‘rganilmoqda. Qo‘shimcha maʼlumotlar taqdim etamiz, — deyiladi munosabatda.
“Gazeta.uz” nashrining yozishicha, Qashqadaryo viloyati hokimligining “Mehr daftari” jamg‘armasi nomidan to‘rtta “gibrid” BYD Song Plus sotib olish bo‘yicha 1 milliard 780 million so‘mlik kelishuvlar amalga oshirilmoqda (1, 2, 3, 4). O‘tgan yilning 9 iyun kuni ushbu jamg‘arma tomonidan ham 450 million so‘mga Chevrolet Equinox (start-stop tizimi bilan jihozlangan gibrid) sotib olish uchun ariza berilgan bo‘lib, u hali ijro bosqichida.
Shuningdek, Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan ham munosabat e’lon qilindi. Unda ham “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘lari elektromobil sotib olish uchun ishlatilgani rad etilgan. Ular davlat xaridlari portalida ma’lumotlarning noto‘g‘ri ko‘rsatilishini saytdagi kamchilik bilan bog‘lagan va tez orada kamchilik to‘g‘rilanishiga umid bildirgan.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati hokimining 14-dekabrdagi farmoyishi bilan China Group kompaniyasidan mahalliy budjet zahira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonuniy talablar asosida 1 dona BYD Song Plus Champion elektromobili xarid qilingan. Xabarda aytilishicha, bunda “Mehr daftarchasi” mablag‘laridan foydalanilmagan. Hokimlik hujjatlar nusxalarini ilova qilgan.
“Davlat xaridlari portalida viloyat hokimligining STIR (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) orqali qidiruv berilganda ‘Mehr daftari’ jamg‘armasi nomi ostida joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi, bu elektron portalda texnik xatoliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda”, — deya ta’kidlanadi xabarda. Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, viloyatning bir qator shahar va tumanlari hokimliklarining STIRni qidirishda ham xuddi shunday kamchilik kuzatilmoqda.
Izoh (1)
Оддий машина минсаям бўладику. Хамма бюджетни пули шунақа рахбарчаларга кетяпти. Туман хокимларидаям Каптива Траккер. Уялсин сал