Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 23-aprel kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeronni qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, taʼlim va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Oliy taʼlimda zamonaviy sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, ingliz tilida o‘qitiladigan taʼlim dasturlarini kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Devid Kemeron O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, xususan, munosib mehnat tamoyillarini joriy etish, gender tenglikka erishish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv jarayonida keyingi yillarda parlamentlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashgani eʼtirof etildi. Tomonlar bu borada o‘zaro muloqotni yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi.
Izoh (0)