Telegram messenjeridagi kanallarda Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritishi aytilgan mansabdorning juda qo‘pol so‘zlarni ishlatib, kimlarnidir haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi.
Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi axborot xizmatining yozishicha, bunday qo‘pol so‘zlar muallifi boshqarma boshlig‘ining shaxsan o‘zi.
Sho‘rchi tumani aholisidan 4R105 avtomobil yo‘lining 89–94-kilometrlari oralig‘ining abgor holatda ekani va ta’mirlash lozimligi to‘g‘risida shikoyat tushgan. Shikoyatda keltirilgan yo‘ldagi kamchilik va nosozliklarni bartaraf etish maqsadida Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Sho‘rchi tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi rahbariga topshiriq bergan. Va oradan ma’lum muddat o‘tgach, Sho‘rchi tuman YFKDM rahbari “Biz mavjud barcha muammoni to‘liq bartaraf etdik”, deb ma’lumot bergan.
Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i qaysi tuman boshlig‘iga topshiriq bersa, uning ijrosini shaxsan nazoratga oladi. Maqsad yagona, u ham bo‘lsa, sohadagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida, tezkorlik bilan bartaraf etish, sansolarliklarning oldini olish va eng asosiysi, xalqning roziligiga erishishdan iborat.
Bu gal ham xuddi shunday, boshqarma boshlig‘i aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan va murojaatda keltirilgan ushbu yo‘lning qay darajada ta’mirlanganini va Sho‘rchi tuman YFKDM rahbariga berilgan topshiriq ijrosini tekshirish maqsadida hududga shaxsan o‘zi borgan. Va Sho‘rchi tuman YFKDM rahbarining bergan ma’lumoti yolg‘on ekaniga guvoh bo‘lgan. Haqiqatan ham, voqea joyida Sho‘rchi TYFKDM rahbari ham, birorta texnika yoki birorta xodim ham, hech qanday tayyorgarlik ham bo‘lmagan. Mazkur tuman rahbarining xalqni aldagani, qolaversa, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani va berilgan topshiriqni o‘z vaqtida bajarmagani uchun viloyat AYBB boshlig‘ining mavjud holatdan jahli chiqqan, hayajonga berilib, qo‘pollik qilgan, — deyiladi boshqarma axborot xizmati xabarida.
Boshqarma rahbarning so‘kishi natija berganini bildirdi.
Boshqarma boshlig‘i holatni shaxsan o‘z nazoratiga oldi. Bugun ushbu yo‘l to‘liq ta’mirlandi, — deyiladi rasmiylar izohida.
Izoh (0)