Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar voyaga yetmagan bolalar va 3 nafar ayol vafot etdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB JXX axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 21-aprel kuni 17:30 larda Surxondaryo viloyatining Boysun tumani, “Inkabod” MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatga ega Boysun—Duoba 4N-1613 avtomobil yo‘lning 7-kilometrida 1974-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Damas avtomashinasida odam tashish qoidalariga amal qilmay, 8 nafar yo‘lovchi bilan tuman markazi tomon bir necha kilometr tik nishablikda harakatlanishi natijasida transport vositasining tormoz tizimida nosozlik yuzaga kelgan.
Oqibatda yo‘lning xavfli burilish qismiga yetib kelgach, boshqaruvni yo‘qotib yo‘ldan chiqib ketgan va shu yaqin atrofdagi hovlining molxonasiga borib urilgan.
YTH natijasida avtomashina salonida bo‘lgan 3 nafar voyaga yetmagan bola va 3 nafar ayol vafot etib, haydovchi og‘ir tan jarohati bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Boysun tumani IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)