Daryo

Sog‘liqni saqlash vaziri Toshkentdagi kattalar uchun xospis 2026-yil birinchi choragi oxirigacha ochilishini ma’lum qildi

Muassasada pardozlash ishlari yakunlanib, tibbiy uskunalarni o‘rnatish jarayoni olib borilmoqda. Xospis bemorlarga umrining oxirigacha sifatli parvarish va davolanish imkonini yaratishi rejalashtirilgan.

1 daqiqa o‘qish6 236 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkent shahrida kattalar uchun mo‘ljallangan xospis qurilishi yakuniy bosqichga yetgan va uni birinchi chorak oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov 20-fevral kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Vazir xospisni birinchi chorak yakunigacha ochish rejalashtirilayotganini mutaxassislar tomonidan zamonaviy asbob-uskunalarni o‘rnatish taklifi berilgani bilan izohladi.

Unga ko‘ra, muassasa oddiy internat emas, balki bemor umrining oxirigacha sifatli parvarish va davolanish imkonini ta’minlaydigan maskan bo‘ladi. Shuningdek, bemorlarning hayotiy ko‘rsatkichlarini saqlab turish uchun yuqori texnologik uskunalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil yanvar boshida Toshkent shahar hokimligi poytaxtda kattalar uchun xospis loyihasi amalga oshirilayotganini ma’lum qilgandi. Obyekt umumiy 5,2 gektar maydonni egallagan bo‘lib, qurilish maydoni 2 731,7 kvadrat metr, qurilish hajmi esa 24 137 kub metrni tashkil etadi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda obyektning tashqi fasad ishlari to‘liq yakunlangan, ichki pardozlash, elektr-montaj, santexnika ishlari, hududni obodonlashtirish va sug‘orish tizimi ishlari esa 80 foiz bajarilgan. Qurilish ishlari tugallangach, muassasa mebel, santexnika jihozlari hamda zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar