Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi qurilish obyektlaridan biriga bordi. Hokim u yerda qurilish obyektlarida ekologik normalarni joriy etish bo‘yicha qarori ijrosini ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash hamda qurilish maydonlarini yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan innovatsion va namunaviy yangi loyiha bilan tanishdi.
Loyihaga ko‘ra, qurilish obyektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘ralishi, obyekt pasporti o‘rnatilib, unda barcha zarur ma’lumotlar aks ettirilishi, piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, qurilish maydonlari perimetri bo‘ylab mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatiladi.
Qurilish jarayonlarini doimiy nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular Qurilish nazorati inspeksiyasi tizimiga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, artezian suv quduqlari, avtomobillarni yuvish maydonchalari hamda avtomatik elektr hisoblagichlarini joriy etish rejalashtirilgan. Qurilish texnikalarining shahar ko‘chalariga toza holda chiqishini ta’minlash ham asosiy talablar qatoridan o‘rin olgan.
Toshkent shahar Qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i yangi tartib va talablarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, poytaxtdagi 1700 ga yaqin qurilish obyektlariga mazkur talablarni joriy etish uchun muayyan muddat beriladi.
“Tadbir davomida aholi va mutaxassislarning takliflari tinglandi. Toshkent shahar hokimi loyihani takomillashtirish uchun barcha konstruktiv takliflarga ochiq ekanini, bildirilgan fikrlar asosida zarur o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi rejalashtirilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda qurilish obyektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari tomonidan 42 mingta kamchilik aniqlangan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ortiq qoidabuzarlikni qayd etgan. Bunga sabab sifatida loyihachi va buyurtmachilarda mualliflik hamda texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.








