Toshkent shahrining bosh rejasiga kiritilgan muhim oʻzgarishlardan biri qator muhofaza hududlarida 30 qavatgacha bino qurishga ruxsat berilgani boʻldi. “Daryo” muxbiri 5-mart kuni poytaxtda oʻtkazilgan matbuot anjumanida masʼullardan buning sababini soʻradi.
“Tartibsiz qurilishlar oldini olmoqchi boʻlganmiz”
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov savolga javob berarkan, konservatsiya hududlari nima uchun renovatsiya zonalariga oʻtkazilgani boʻyicha izoh berdi.
Konservatsiya hududida muhofazadagi obyektlar boʻlib, qoʻshimcha qurilishlar taqiqlanadi. Renovatsiya hududida eskirgan binolar buzilib, oʻrniga yangi qurilish qilinadi.“Konservatsiya hududlari tartibsiz qurilishlar oldini olish uchun belgilangan. Lekin ularni kelajakda master reja asosida ochiladigan qilingan. Misol uchun, Rohatning oldida hozir katta bir hudud, yaʼni konservatsiya zonasi ochilyapti. Uni master reja bilan qildik. Hududda turar joylar, maktab, bogʻcha, butun yangi kommunikatsiya tizimlari quriladi. Orasida parklari ham boʻladi. Suvning oldida odamlar borib, hordiq chiqarib yuradigan joylarigacha qilindi. Mana shunaqa master rejalar asosida konservatsiya hududlari ochilyapti”, dedi vazir.
“Bu zichlik va yuklamaga bogʻliq”
Urbanizatsiya qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyevning aytishicha, shahar bosh rejasiga muntazam oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib boriladi. Jarayon shahar rivojlanishi va boshqa omillar bilan bogʻliq boʻladi. Konservatsiya zonalari renovatsiya hududiga aylanishida zichlik va yuklama inobatga olinadi.
“Bundan 14 oy oldin bosh reja tasdiqlanganda, falonchi joyga qurilish qilish mumkin emas, deyilmagan. Oʻsha paytning oʻzida falonchi joyda qurish kerak emas, deyilgan. Lekin zichligi va yuklamasidan kelib chiqib, ayrim joylarda baland binolar qurishga ruxsat beriladi. Lekin xuddi shu binoga tutash hududlar esa yashil parkka aylanishi kerak boʻladi. Butun dunyo mana shunday qurilyapti”, dedi qoʻmita raisi.
Sherzod Kudbiyev fikri davomida loyihalarda binolar qavati zichlik va yuklamadan kelib chiqadi. Masalan, qayerdadir 30 qavatligiga qurilish qilish mumkin boʻladi. Boshqa joyda esa shunga mutanosib ravishda yonidagi binolar qavati past quriladi yoki yashil zonaga aylantiriladi.
“Bir joyda baland bino qurishga ruxsat berilyapti, ikkinchi joy nolga tushirilyapti. Yaʼni umumiy zichlik saqlanib qoladi”, dedi qoʻmita rahbari.
“Uyi eskirgan aholi tadbirkorlarni kutyapti”
Vazir Sherzod Hidoyatov poytaxt hududida koʻplab eskirgan uylar mavjudligini taʼkidladi. Uyi eskirib ketgan aholi vakillari tadbirkorlar kelishini kutayotganini bildirdi.
“Renovatsiya zonalardan boʻlgan Tashkent City hududi avval qanaqa holatda edi? Bugun qanday joyga aylandi? Atrofida turar joylari, oʻrtada yashil bogʻi, ish va savdo joylari ham bor. Qator hududlarda xuddi shu kabi eski mahallalar, kommunikatsiya tizimlari juda ham charchab qolgan. Eng asosiysi, Toshkent shahri va respublikamizning boshqa joylarida renovatsiyani kutayotgan aholi ham bor. Misol uchun, Nurafshon koʻchasi yoki boshqa joylarda aholi tadbirkorlarni kutmoqda. ʻQachon kelib, shu yerda mening eski uy-joyimni baholab, oʻrniga boshqa loyihalar tushadi’, deyapti. Shuning uchun hamma narsa tartibga solinib, master reja bilan amalga oshiriladi”, dedi vazirlik rahbari.
Avvalroq hukumat Toshkent shahrining 2045-yilgacha moʻljallangan bosh rejasiga bir qator oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritgani xabar qilingandi. Yangi qaror bilan aksar muhofaza hududlarida ham binolar qurishga ruxsat berilgan. Avval 3—5 qavat bino qurish belgilangan joylarda endi 30 qavatgacha qurilish qilish mumkin. Shu bilan birga, poytaxtda yangi parklar va yashil maydonlar tashkil etilishi majburiy shart etib qoʻyilgan.








