Toshkent shahri atrofida qiymati 1 milliard dollarga baholanayotgan, uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli pullik halqa avtomobil yo‘lini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari holati to‘g‘risidagi qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, loyiha Xitoyning China Railway Construction kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xalqaro hamkorlar ishtirokida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yana bir qator yirik loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolangan.
Jumladan, China Construction kompaniyasi bilan qiymati 500 million dollarlik uchta yo‘l o‘tkazgichini, to‘rtta kemping maskanini barpo etish va 27 kilometr yo‘lni kapital ta’mirlash, SINO-Hunan kompaniyasi bilan esa 1 milliard dollarlik yettita tunnel, beshta yo‘l o‘tkazgichi, 57 kilometr BRT yo‘laklari hamda 279 kilometr yo‘l qurish bo‘yicha hamkorlik rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Shanghai Construction kompaniyasi bilan 100 million dollarlik yo‘l infratuzilmasi loyihalari, Xinjiang Hui’er Agricultural bilan esa yo‘lbo‘yi hududlarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha bitimlar imzolangan.
Xitoyning China Railway Construction Corporation (CRCC) kompaniyasi dunyodagi eng yirik qurilish va muhandislik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Davlatga qarashli korxona temir yo‘llar, metro liniyalari, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va tunnellar qurilishiga ixtisoslashgan bo‘lib, Osiyo, Afrika, Yevropa va Yaqin Sharqning o‘nlab mamlakatlarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirgan. Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 160 milliard dollardan oshgan, unda 330 mingdan ortiq xodim ishlaydi.
Qarorda, shuningdek, Toshkent shahrida transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham keltirilgan. Xususan, tirbandlik yuqori bo‘lgan 260 kilometr ko‘chada harakatni tashkil etish loyihalari ishlab chiqilgan, 271 ta chorrahaga zamonaviy svetoforlar o‘rnatilgan, 220 ta avtobus bekati yangilangan hamda avtobuslar uchun 25 kilometr yangi alohida yo‘lak (A-polosa) loyihalari tayyorlangan.
Mazkur qaror bilan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosariga transport infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish hamda yo‘l qurilishi loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Toshkent—Samarqand yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi bo‘yicha pudratchi sifatida Xitoyning China Overseas Engineering Construction (COVEC) kompaniyasi tanlangani haqida xabar berilgandi. Kompaniya prezidenti Van Kun O‘zbekiston rahbariyatiga kompaniyaga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirgan.








