Daryo

“Mehmonxona qurishga ruxsat olingan maydonda ‘dom’ quryapti” — Savdo-sanoat palatasi raisi ayrim tadbirkorlarni tanqid qildi

Davron Vahobov ba’zi quruvchilar qurilish me’yorlariga rioya qilmayotganini aytdi. Oqibatda aholi va raqobatchilar orasida norozilik paydo bo‘layotgani bildirildi.

2 daqiqa o‘qish19 495 ko‘rishlar0 izoh12

Oʻzbekistonda baʼzi tadbirkorlar koʻpqavatli turar joylar qurishda noqonuniy yoʻllardan foydalanmoqda. Bu haqda hukumat va qurilish sohasi vakillari uchrashuvida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov maʼlum qildi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Davron Vahobovning aytishicha, samarali faoliyat yuritayotgan koʻplab tadbirkorlar qurgan uy-joyini kelishgan narxda sota olmayotganidan arz qilgan. Bunga sabab sifatida raqobatchilar nohalol yoʻllardan foydalanayotgani bildirgan.

“Ichimizdagi qaysidir tadbirkorlar 7-8 qavat bino qurishga ruxsat olib, uning ustiga yana uch qavat qoʻshimcha quradi. Keyin ʻmen yana uch qavat qurdim, ruxsat ber, tadbirkormanku’, deb tannarxni tushirishga harakat qilyapti. Yoki boshqa tadbirkorimiz tayyor kvartira qurib qoʻygan. Lekin ʻmen turizm obyekti quryapman, mehmonxona qilyapman’, deyapti. Koʻr odam ham kirsa, bino mehmonxona emasligini biladi. Podyezdi bilan lifti alohida, kvartiraning temir eshigini qilgan. Qaysi mehmonxona nomerida temir eshik turadi? Yaʼni uddaburon tadbirkorlarimiz bu yogʻdagilarni tushunmaydi deb oʻylaydimi bilmadim”, dedi palata rahbari.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Maʼlum qilinishicha, 2025-yil oktyabr-noyabr oylarida respublikada qurilgan 38 ming xonadondan 545 tasi muammoli uylar ekani aniqlangan.

“Tadbirkor uyni qurib, sotyapti. Aholi bitgan xonadonga yashagani kiryaptida:  ʻvoy, bizga gaz, svet bermadi’, deb toʻpolon qilib chiqyapti. Tadbirkor pul kerak boʻlgani uchun ʻtezroq kirib yashagin’, degan. Bu yerda aslida qaysidir hujjatga ruxsat berilmagan”, dedi Davron Vahobov.

​Palata raisi soʻzariga koʻra, turar joy binolari qurilishida qator kamchiliklar aniqlanmoqda. Masalan, yerusti qavatlari umumiy foydalanishga ajratilgan yer uchastkasining maydonidan yetti-sakkiz baravarga oshib ketyapti. Aslida bu toʻrt-besh baravardan oshmasligi kerakligi eslatildi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ajratilgan maydon 12 foizni tashkil etgan. Ammo bu kamida 25 foiz boʻlishi kerakligi bildirildi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

“Ayrim turar joy binolari atrofida avtoturargoh uchun yetarlicha joy ajratilmagan. Oʻrganishlarga qaraganda, 583 ta xonadonda atigi 143 ta joy boʻlgan. Hozirgi kunda ikki xonali kvartirada turgan odamlarda ham ikkita mashina bor. Hamma xohlagan joyda istagan narsasini quraversa, ertaga bu yerlar Dehli yoki Mumbayga oʻxshab qolmaydimi?”, dedi u.

Uchrashuvda 2025-yil Oʻzbekistonda 18 mingdan ortiq koʻp qavatli turar joy binolari, savdo-maʼmuriy majmualar, ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlar qurilgani aytilgan. Biroq sohada ayrim tizimli muammolar ham saqlanib qolayotgani eslatilgan. Masalan, boshqa davlatlarda qurilish jarayoni oʻrtacha 1,5 yil davom etsa, Oʻzbekistonda bu muddat deyarli ikki barobar koʻp boʻlib, 3 yilgacha choʻzilmoqda. Bunda quruvchilarning asosiy vaqti yer ajratish, loyiha va qurilishga oid hujjatlarni turli tashkilotlar bilan kelishish hamda rasmiylashtirish jarayonlariga sarflanmoqda. Bu esa loyihalarni amalga oshirish surʼatiga va tadbirkorlarning xarajatlariga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar