Rossiya poytaxti Moskva shahrida qurilayotgan binoda 28-aprel kuni yong‘in kelib chiqdi. Favqulodda vaziyatlar xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida 7 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Yong‘in 2-Ambulatoriya shohko‘chasi va 3-Boltiq torko‘chasi kesishmasida joylashgan binoda yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qurilishi bitmagan hashamatli turar joy majmuasi bo‘lgan. Olov binoning ikkinchi va uchinchi qavatlarini qamrab olgan. Fojia oqibatida qurbonlardan tashqari, yana 13 kishi jarohatlangan.
Dastlab yong‘inga eng yuqori — 5-daraja berildi. Keyinchalik xavf darajasi 4-pog‘onaga tushirildi. Olov 1 400 kvadrat metr maydonni egalladi. Yong‘inni o‘chirishga 120 nafar shaxsiy tarkib va 30 ta maxsus texnika jalb qilindi. Hozirda yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yong‘in vaqtida bino ichida 200 dan ortiq odam bo‘lgan bo‘lishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish maydonidan 31 kishi qutqarilgan.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 216-moddasi 3-qismi (qurilish ishlarida xavfsizlik qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish ochildi. Yong‘inning kelib chiqish sabablari hozircha noma’lum.








