O‘zbekistonda 2018–2023-yillarda qurilgan 38 ming xonadonli 570 ta ko‘p qavatli uylar muammoli deb topilgan. Mazkur noqonuniy uylarni qurganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov 5-mart kuni Kontent markazida o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
“Daryo” muxbiri xabariga ko‘ra, vazir developerlar qurilish qilishda qanday xatolarga yo‘l qo‘yganini aytdi.
“Nimaga muammoli desangiz, qaysidir tadbirkor ekspertizadan o‘tkazmasdan qurib yuborgan. Boshqalari nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan yoki o‘z hududidan 40—50 santimetr tashqariga chiqib qolgan. Auksiondan yer sotib olish kerak bo‘lganlari. Shunga o‘xshash juda ko‘p muammoli uylar aniqlangan. Tizim raqamlashtirgani uchun kim ruxsat bermayapti. Agar korrupsiya bo‘lganda 38 mingta xonadonning hammasi hujjat olgan bo‘lardi. Korrupsiya yo‘qligidan dalolat shuki, hech qaysi biri hujjat qila olmayapti. Binolarning 90 foizida instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Aholi uylarni sotib olgani sabab loyihachilar bilan xonadonlarda yashashga ruxsat berish tizimi bo‘yicha ishlanmoqda”, dedi vazir.
Sherzod Hidoyatov uylarda yashashga ruxsat berish uchun binolarning yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishi, aholi uchun qulayligiga qaralishini maʼlum qildi.
“Yechimlarni ko‘rsatib beryapmiz. Prokuratura organlari birgalikda shug‘ullanyapti. Bunga ertaga aholi sotib olgani uchun yechimlarini qilgandan keyin ruxsat berilishi mumkin. Agar uylar zilzilabardoshligi to‘g‘ri kelmasa, instrumental ko‘rik xulosasida bino buzilishi kerak deyilsa, buziladi. Shunga qarab boshqa yechim qilinadi. Lekin baribir noqonuniy qurilish qilganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular jinoiy javobgarlikka tortiladi. Shu bilan noqonuniy qurilishlar oldi olinadi”, dedi vazirlik rahbari.
Avvalroq Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov baʼzi tadbirkorlar ko‘pqavatli turar joylar qurishda noqonuniy yo‘llardan foydalanayotganini aytgandi. Masalan, ayrim quruvchilar 7—8 qavat bino qurishga ruxsat olib, uning ustiga yana uch qavat qo‘shimcha quradi. Keyin “men yana uch qavat qurdim, ruxsat ber, tadbirkorman-ku”, deb tannarxni tushirishga harakat qiladi. Yoki boshqa tadbirkor tayyor kvartira qurib qo‘ygan. Lekin “men turizm obyekti quryapman, mehmonxona qilyapman”, deydi.








