Daryo

“Ish yopildi”. Qurilish vaziri “dom” qurishga 200 ming dollargacha “xarajat” borligini aytgan tadbirkor haqida

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi Sherzod Hidoyatov mavzu koʻp muhokama keltirib chiqargani sabab tadbirkor ustidan IIVga berilgan shikoyat bekor qilinganini aytdi.

2 daqiqa o‘qish27 991 ko‘rishlar0 izoh6

“Dom” qurishga ruxsatnoma olishning 200 ming dollargacha “xarajati” borligini aytgan tadbirkor ustidan IIVga berilgan shikoyat arizasi bekor qilingan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi Sherzod Hidoyatov 5-mart kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi. 

Hukumat vakillari 2025-yil avgustda qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazgandi. Muloqotda tadbirkor Usmon Abdusamadov koʻp qavatli turar joy qurilishiga ruxsat olish murakkabligidan norozilik bildirgan. Hujjat uchun bitta uyga 200 ming dollargacha “xarajat” ketishini aytgan. Qurilish vazirligi tadbirkor ayblovlari asossiz ekanini bildirib, unga nisbatan javobgarlik choralari koʻrish yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga shikoyat arizasi kiritgan.

“Daryo” muxbiri xabariga koʻra, Sherzod Hidoyatov matbuot anjumanida mazkur shikoyat taqdiri toʻgʻrisidagi savolga javob qaytargan. Qurilish vazirligi oxirgi besh yilda korrupsiyani bartaraf qilish boʻyicha raqamlashtirishda juda katta ishlarni amalga oshirganini qo‘shimcha qildi.

 Hammasi onlayn shaklda. Yoʻnalishlarimiz shaffof. Inson omilini kamaytiryapmiz. Besh marta jinoiy javobgarlikka tortilgan, ikki marta firibgarlik bilan shugʻullangan, bir marta oʻgʻrilik bilan shugʻullangan odam turib, kengashni ayblayapti. Kengash jamoasini ayblagandan keyin buni asoslash kerak. Shuning uchun ochiq pozitsiyamizni, tizimda korrupsiya boʻlmayotganini koʻrsatish maqsadida huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qildik”, dedi vazir.

Sherzod Hidoyatov tadbirkor fikrlari va vazirlik shikoyat kiritgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlganini aytdi. “Ommaviy axborot vositalarida koʻp aylanib ketgani uchun bu narsa toʻxtatildi”, deya holatni izohladi u.

Foto: “Daryo”

Vazir soʻzida davom etarkan, qurilish sohasida korrupsiya keskin qisqargani, bunda raqamlashtirish muhim rol oʻynaganini taʼkidladi.

“Respublikada 2027-2023-yillarda qurilgan 38 mingta xonadonli 570 ta koʻp qavatli uy muammoli deb topilgan. Noqonuniy qurilgan uylar sabab ulardan foydalanishga hech kim ruxsat bermayapti. Agar korrupsiya boʻlganda 38 mingta xonadonning hammasi hujjatini olgan boʻlardi. Korrupsiya yoʻqligidan dalolat shuki, ularning hech qaysisi hujjat qila olmayapti”, dedi vazirlik rahbari.

Vazir mazkur uylarni qurgan barcha tadbirkorlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani, ular jinoiy javobgarlikka tortilishini bildirgan.

Avvalroq Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ba’zi quruvchilar qurilish me’yorlariga rioya qilmayotganini aytgandi. Oqibatda aholi va raqobatchilar orasida norozilik kuchayib borayotganini bildirgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar