AQSH prezidenti Donald Tramp 15-may kuni Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifida umumiy qiymati 200 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarni e’lon qildi. Ikki davlat sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga ham kelishib oldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tramp BAA aviakompaniyasining 28 ta Boeing samolyotiga 14,5 milliard dollar sarmoya kiritish majburiyatini o‘z ichiga olgan bitimlarni e’lon qildi. Ikki davlat “AQSH—BAA sun’iy intellektni rivojlantirish hamkorligi” dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Manbalarga ko‘ra, bu kelishuvlar Fors ko‘rfazi mamlakatiga AQSHning ilg‘or sun’iy intellekt chiplaridan keng foydalanish imkonini beradi. Ilgari Vashington Xitoyning ushbu texnologiyadan foydalanishi mumkinligi haqida xavotirlanib, cheklovlar o‘rnatgan edi.
Munosabatlarimiz faqat kengayib va mustahkamlanib borishiga mutlaqo shubham yo‘q. Sizning hurmatli ukangiz bir necha hafta oldin Vashingtonga tashrif buyurdi va bizga 1,4 trillion dollar miqdoridagi saxovatli taklifingiz haqida ma’lumot berdi, dedi Tramp BAA prezidenti bilan uchrashuvda.
Amirliklar 10 yil davomida AQSHga 1,4 trillion dollar sarmoya kiritishni maqsad qilgan. Yirik neft ishlab chiqaruvchi bo‘lgan BAA global sun’iy intellekt o‘yinchisiga aylanish uchun milliardlab dollar sarflamoqda. Tashrif davomida Trampga BAAning eng oliy “Zayed” ordeni topshirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH rahbari Yaqin Sharqqa rasmiy tashrifi davomida Qatar bilan 1,2 trillion dollarlik iqtisodiy bitim imzoladi, Saudiya Arabistoni esa AQSHga 600 milliard dollar sarmoya kiritish majburiyatini oldi.
Izoh (0)