Yevropa Ittifoqi ayollarning yer va mulk egasi bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi cheklovlar, yuqori darajadagi qashshoqlik, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori daromadli sohalaridagi gender tengsizlikni bartaraf etishga qaratilgan loyihani ishga tushirdi.

Loyiha “Genderga yo‘naltirilgan siyosat va byudjetlarni ilgari surish: O‘zbekistonda shaffof, inklyuziv va hisobdor boshqaruv sari” deb nomlanadi. Uni BMTning Ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilmasi — BMT Ayollar amalga oshiradi. U Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlikda olib boriladi.
Gender sezgir byudjetlashtirish O‘zbekiston qizlari va ayollarini yanada kuchli qiladi. Shu bois, Yevropa Ittifoqi BMT Ayollar bilan hamkorlikda O‘zbekiston moliya tizimi organlarini gender sezgir byudjetlashtirish amaliyotini muntazam milliy siyosat va byudjetlashtirish jarayonlariga joriy etishda qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi. Bu yondashuv resurslarni gender tengsizliklarini bartaraf etishga yo‘naltirishga yordam beradi, ayollar va qizlar ham davlat xizmatlari, iqtisodiy imkoniyatlar va qaror qabul qilish jarayonlariga teng kirish huquqiga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi, deydi Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar.

BMT Ayollar’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari Eliza Fernandez Saens O‘zbekistonning gender tengligi bo‘yicha olib borayotgan choralarini e’tirof etdi.
O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish yo‘lida muhim qadam tashladi. Ushbu loyiha davlat resurslari gender tafovutlarini bartaraf etish va ko‘pincha chetda qoladigan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilganligini ta’minlash orqali hisobdorlikni kuchaytiradi, deydi BMT Ayollar’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari Eliza Fernandez Saens.

Moliya vazirligi Davlat budjeti siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohruh Eshonqulov loyihaning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlarimizga gender tahlilini kiritish orqali yanada samarali boshqaruvni yaratamiz — u turli ijtimoiy guruhlarning ehtiyojlariga javob beradi va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Gender sezgir byudjetlashtirish bizga yanada shaffof, inklyuziv va natijaga yo‘naltirilgan davlat moliyasini ta’minlashda yordam beradi.

Bu esa milliy taraqqiyot maqsadlarimizga erishish uchun nihoyatda muhim. Shu nuqtai nazardan, loyiha ayniqsa ayollar va qizlarning hayotini yaxshilashda adolatliroq byudjetlashtirish uchun amaliy va o‘zgarishga olib keluvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi, dedi Shohruh Eshonqulov.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl loyiha mamlakat bo‘ylab ayollar va erkaklar uchun yanada samarali natijalarga olib kelishini aytdi.
Loyiha haqida nimalar ma’lum?
So‘nggi 20 yil davomida BMT Ayollar butun dunyo bo‘ylab 80 dan ortiq davlatni gender sezgir byudjetlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Gender sezgir byudjetlashtirish — bu gender tengligi maqsadlarini hukumat siyosati, rejalashtirish, byudjetlashtirish, monitoring, baholash va audit jarayonlariga tizimli ravishda integratsiya qilishga qaratilgan strategik siyosiy yondashuv.
U byudjetning (daromadlar va xarajatlar) ayollar va erkaklarga nisbatan taqsimot ta’sirini tahlil qiladi, har ikkala guruh ham davlat resurslaridan teng darajada foyda ko‘rishini ta’minlash uchun mablag‘larni moslashtiradi yoki qayta taqsimlaydi. Bu gender tengligini ilgari suruvchi hamda o‘zgarish olib kiruvchi vositadir. Bu vosita byudjetlarni yanada samarali, inklyuziv qiladi va qizlar, ayollar, o‘g‘il bolalar hamda erkaklarning ehtiyojlarini hisobga olinishini ta’minlaydi.
100 dan ortiq davlat gender tengligini ta’minlash, yetarli darajada moliyalashtirilmagan ayollar va qizlar uchun zarur xizmatlarga sarmoya muammosini bartaraf etish uchun gender sezgir byudjetlashtirish bo‘yicha tashabbuslarni boshlagan. 105 ta davlatdan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 26 foizida gender tengligi uchun byudjet ajratmalarini kuzatish bo‘yicha to‘liq tizimlar mavjud.
Izoh (0)