Pekin shahrida Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Bitimning imzolanish marosimi munosabati bilan Xitoy xalq raisi Si Szinpin va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham o‘z murojaatlarini yo‘lladi.
Davlat rahbari ushbu muhim infratuzilma loyihasini amalga oshirish boshlanayotgani keng mintaqada iqtisodiy va transport jihatidan bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.
“Mazkur temiryo‘l Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi. Kelgusida ushbu yo‘l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi”, — dedi prezident.
Loyihaning amalga oshirilishi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy samara yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishi, o‘zaro savdo hajmi karrasiga oshishi, sanoat kooperatsiyasi kengayishi, investitsiyaviy jozibadorlik o‘sishi va eng muhimi — aholi turmush darajasi oshishida namoyon bo‘ladi. Bitimga muvofiq, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li Qashg‘ar—Torugart—Makmal—Jalolobod—Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.
Izoh (0)