Prezident farmoniga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional taʼlim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.
Bunda:
a) abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga, so‘ng professional taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;
b) davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy taʼlim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
- o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi;
- ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yo‘nalishi va taʼlim shaklini tanlaydi;
v) 2025/2026-o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;
g) barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda taʼlim shaklini oliy taʼlim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.
Bundan oldin magistratura va doktoranturaga ayrim yo‘nalishlarda xorijiy til bilish sertifikati darajasi pasaytirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)