Janubiy Koreya mamlakatning AQSH oldidagi tarixiy qarzi tufayli Donald Tramp tomonidan joriy etilgan bojlarga qarshilik ko‘rsatmaydi, dedi amaldagi prezident Xan Dok Su Financial Times nashriga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Koreyaning bugungi darajaga yetishishida AQSH juda katta rol o‘ynaydi. Koreya urushi vayronagarchiligidan so‘ng AQSH bizga texnologiya, sarmoya va xavfsizlik sohalarida yordam qo‘lini cho‘zdi. Bu esa Janubiy Koreyani xorijliklar uchun juda qulay investitsiya muhitiga aylantirishga yordam berdi, deya qo'shimcha qilib o'tdi.
Pezidentga ko‘ra, Seul ushbu “minnatdorlik qarzi” fonida ikkala tomonga ham foyda keltiradigan yechimlar topish uchun Tramp bilan muzokaralar olib borishni afzal ko‘rmoqda.
Financial Times nashrining yozishicha, Janubiy Koreya rasmiylari Tramp ikki davlat o‘rtasidagi erkin savdo kelishuviga qaramay 25 foizlik bojlarni e‘lon qilganida dahshatga tushishgan. Lekin ular bunga javoban Amerika tovarlariga qarshi amalda hech qanday boj joriy etmadi.
Shu bilan birga, Xan Duk Su Seul Vashington bilan “tarifsiz savdo to‘siqlari”, jumladan, dori-darmonlarning shaffof bo‘lmagan narxlari, ba‘zi Amerika mol go‘shtini import qilishdan bosh tortish va Netflix kabi Amerika kontent provayderlarining tarmoq to‘lovlarini muhokama qilishga tayyorligini aytib o‘tdi.
2-aprel kuni Donald Tramp “Amerika ozodlik kuni” doirasida dunyoning aksariyat davlatlariga bojlar kiritilishini e’lon qildi va shu bilan savdo urushini boshlab yubordi. Bir necha marta oshirilgan eng yirik bojlar Xitoyga qaratildi — ularning umumiy hajmi 145 foizga yetdi.
Trampning tariflarni e’lon qilishi Osiyo fond birjalarida vahima uyg‘otdi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 13 mamlakatning yirik va o‘rta kompaniyalarini o‘z ichiga olgan MSCI Asia Pacific indeksi 7-apreldagi savdolar chog‘ida 7 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi. Bu — indeks uchun 2008-yildan beri bo'lgan eng yomon kun bo'ldi.
Bir necha kun o‘tgach, Tramp AQSH ga murojaat bilan chiqqan 75 dan ortiq mamlakatlar uchun tariflar oshirilishini 90 kunga muzlatilishini e‘lon qildi. Ilgari joriy etilgan 10 foizlik bazaviy stavkali tariflar ushbu davrda ham bu mamlakatlar uchun amalda bo‘ladi.
Yaponiya allaqachon Tramp bilan bojlar bo‘yicha muzokaralarni boshlagan va AQSH prezidentining o‘zi bu muloqot ijobiy ketayotganligini ta’kidlagan.
Izoh (0)