O‘zbekistonda 2024/2025-o‘quv yili boshida 18-23 yoshdagilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 47,7 foizni tashkil qilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2014-yil bilan solishtirilganda 40,9 foizga oshgan.
Respublikada 18-23 yoshdagi aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi yillar kesimida quyidagicha oshib borgan:
- 2014-yil — 6,8 foiz;
- 2015-yil — 7,0 foiz;
- 2016-yil — 7,2 foiz;
- 2017-yil — 8,3 foiz;
- 2018-yil — 10,6 foiz;
- 2019-yil — 13,3 foiz;
- 2020 yil — 18,7 foiz;
- 2021-yil — 28,2 foiz;
- 2022-yil — 36,6 foiz;
- 2023-yil — 45,9 foiz;
- 2024-yil — 47,7 foiz.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova 2024-yilda respublikada oliy ta’lim muassasalari soni 211 tani tashkil etganini ma’lum qilgandi. Ularning 112 tasi davlat, 30 tasi xorijiy va 69 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. O‘shanda 2024/2025-o‘quv yilida jami 1 million 167 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilayotganini aytgandi.
Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetida eng ko‘p talabalarda tahsil olmoqda.
Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni — bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi”, deb ta’kidlagandi. “Mamlakatimiz kelajagini ta’limda ko‘raman. Bilimi bor odam har qanday sharoitda yo‘lini topa oladi. Agar biz sifatli ta’lim bera olsak, farzandlarimizning kelajagidan xavotir olmasak ham bo‘ladi”, degan edi prezident ta’lim sohasi vakillarini taqdirlash marosimida.
Izoh (0)