Toshkentda “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada zamonaviy texnologiyalar, muhandislik ishlanmalari hamda yosh olimlarning innovatsion g‘oyalari keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi.
Zamonaviy ilm-fan va muhandislikning qovushgan nuqtasida shunday yangiliklar paydo bo‘lmoqdaki, ular nafaqat hayotni yengillashtiradi, balki iqtisodiy o‘sishga ham xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida joylashgan yoshlar texnoparki ixtirochilarida muhim bir yangilik bor. Ular tomonidan ishlab chiqilgan “Aral 18” minitraktor va qayta tiklanuvchi energiyada ishlovchi agrorobot qishloq xo‘jaligida samaradorlikni keskin oshirishga xizmat qilmoqda.
18 ot kuchiga ega gibrid traktor
Yosh muhandislar tomonidan yaratilgan “Aral 18” traktorining eng muhim jihatlaridan biri — uning gibrid tizimda ishlashidir. 18 ot kuchiga ega ushbu mini traktor benzin hamda elektr energiyasida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, bir kunda 24 soat uzluksiz faoliyat yurita oladi. Asosiy vazifasi yer haydash bo‘lib, haydash chuqurligi 18–20 sm ni tashkil etadi. U issiqxonalarda ham foydalanishga moslashtirilgan bo‘lib, o‘z og‘irligiga teng yuklarni tortib yurish kabi qulayliklarga ega.

Quyosh energiyasida ishlovchi agrorobot
Yana bir innovatsion ishlanma — bu qayta tiklanuvchi energiyada ishlaydigan mini robot. To‘liq quyosh panellari orqali quvvat oladigan robot ertalab soat 8:00 dan kechki 18:00 gacha ishlaydi. U paxta va makkajo‘xorini ekish vazifasini bajaradi. Bunga qo‘shimcha ravishda, u o‘zi ekkan urug‘ qatorlarini avtomatik tarzda belgilab, begona o‘tlardan ham tozalaydi. Bu esa dehqonlar uchun vaqt va kuchni tejaydi.

Mazkur innovatsiyalar “aqlli” dehqonchilik tamoyillariga mos bo‘lib, kelajakda fermer xo‘jaliklarining raqamli va energiya tejamkor tizimlarga o‘tishiga zamin yaratishi kutilmoqda.
Xitoydan 4 barobarga arzon “mashina”
“Kelajak X” nomli korxona rahbari Elyorbek Sunnatov va uning jamoasi tomonidan yaratilgan ishlanma milliy mahsulotlarimizning dunyo bozoriga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, bizning chinnilarimizning eksport bo‘lishi qiyin. Chunki undagi chiziqlar qo‘l mehnati orqali qilingani uchun har doim ham bir chiziqqa ega emas. Biz yaratgan texnologiya esa bir maromda xatosiz chizadi. Shuningdek, 23 soat ishlash potensialiga ega. Biz ishlab chiqarayotgan ushbu texnologiyaning Xitoydagi narxi 50 mln. Buyurtma asosida 12–14 mln qilib beryapmiz.
Bunday narx tadbirkorga bitta emas, 5 ta apparat sotib olish imkonini beradi. Qolaversa, 5 ta apparat 5 ta ish o‘rni yaratildi, degani. Ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli darajada oshadi. Bunday texnologiyalar tadbirkorlarning o‘z mahsulotini ko‘proq ishlab chiqarish va yurtimizning mahsulot yaratish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, deydi Elyorbek Sunnatov.

Kuniga 10 mingdan ziyod idish yuvadigan “apparat”
Bundan tashqari Elyorbek Sunnatov tomonidan taqdim etilgan ishlanmalar orasida idish-tovoq yuvish uchun mo‘ljallangan qurilmani ham ko‘rdik. To‘g‘ri, idish yuvadigan mashina yangilik emas. Lekin bu qurilma orqali bir kunda 10 mingtadan ziyod idishlarni yuvish mumkin. Jumladan odam gavjum yig‘iladigan ovqatlanish shoxobchalarida yuvuqsiz idish-tovoqlar haddan ziyod ko‘p to‘planadi. Ularni yuvish uchun esa katta “armiya” biriktirilishi lozim. Shunday paytda bunday qurilmaga talab ortadi.
Bunday ishlanmani yasash fikri bir voqeadan so‘ng jonlangan. Xabaringiz bo‘lsa, chinni ishlab chiqarish sexlarida idishlarga zar berish uchun o‘choq (pech) ichiga pishirish uchun solinadi. Undan idishlar loy bo‘lgan holatda chiqariladi. Shu loyni ikkita ayol yuvganidan qo‘llari ko‘karib ketganini ko‘rgandim. Ularning mehnatlarini yengillashtirish maqsadida bu qurilmani yasashga kirishdim, ta’kidladi Elyorbek.

Endi urug‘lar 1 kunda unib chiqadi
“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida 14 yoshli maktab o‘quvchisining yaratgan innovatsion issiqxonasi barchani hayratga soldi.
Ushbu yosh ixtirochi qizning loyihasi natijasida endi urug‘lar bir kunda unsa, ajab emas. Bundan ham ta’sirli jihati — bu ishlanmadan allaqachon ikki nafar fermer amaliy foydalanib, yangidan-yangi buyurtmalar kela boshlagani.

Har bir qadam– energiya
Elektr energiyaga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir davrda, uni ekologik toza usulda ishlab chiqarish masalasi butun dunyoda dolzarb muammoga aylangan. O‘zbekistonlik yosh innovatorlar esa bu borada amaliy yechimlar taklif qilishmoqda. Ularning fikricha, har bir inson qadami energiyaga aylanishi mumkin!
Texnika va Milliy universiteti hamda Toshkentdagi Prezident maktabi o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha bunga yorqin misol. Ular yaratgan maxsus kafel har bir yurish bosimidan elektr energiyasi va kislorod ishlab chiqaradi. Yurak sistemasidan ilhomlangan bu mexanizm 4 ta klapan harakati orqali suv sirkulyatsiyasini ishga tushirib, energiya ishlab chiqadi. Loyiha mualliflariga ko‘ra, bu usul quyosh panellariga nisbatan ancha arzon va ekologik jihatdan qulaydir.

Ushbu tizim kislorod va vodorod ajratish imkoniyatiga ham ega bo‘lib, odam gavjum hududlarda — maktab, universitet, metro bekatlari va savdo markazlarida foydalanishga juda mos tushadi. Ya’ni, inson harakati befoyda ketmaydi, aksincha, energiya va toza havo ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan bu tizim elektr muammosiga yangicha yondashuv bo‘lib, O‘zbekistonning yashil energiya yo‘lidagi muhim qadami sifatida qaralmoqda.
Talaba va o‘quvchilar uchun mini nashriyot
Ta’lim muassasalarida doimo turli hujjatlar chop qilishga zarurat tug‘iladi. Shu kabi ehtiyojni o‘rgangan holda Nukus Texnoparki vakillari tomonidan “Fresh print” apparati ishlab chiqildi.
Ushbu texnologiya kichik qurilma bo‘lib, u orqali 24/7 ravishda turli adabiyotlar chop etish, nusxa ko‘chirish va skanerlash imkoni mavjud.

Eng asosiysi, turli dasturlar orqali to‘lov qilish imkoni mavjud. Ushbu qurilma yaqin kunlarda 10 ta OTMga o‘rnatiladi.
Ekinlarni tahlil qiluvchi dron
Yana bir iqtidorli yoshlar guruhi o‘zining qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan noyob ishlanmasi bilan ajralib turdi. Ular yaratgan aqlli dron — ekinlar holatini chuqur tahlil qila oladigan zamonaviy vosita sifatida katta e’tiborga tushmoqda.
Dronimizni yaratishdan maqsad — inson ko‘zi ilg‘ay olmaydigan nuqtalarni ham tahlil qilish, deydi loyiha mualliflaridan biri.
2022-yil 9 oy davomida ishlab chiqilgan bu qurilma kamera orqali yerning har bir santimetrini tahlil qiladi. Dron yordamida yerning unumdorligi, sho‘rligi, qanday holatda ekanligi aniqlanadi.

Yosh ixtirochilarga ko‘ra, inson omili bilan yer tekshirilganda ba’zi ariqlar yoki muhim detallar e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ammo bu dron har bir nuqtani to‘liq skanerlab, o‘simliklarga dori kerakmi-yo‘qmi, yerda qaysi hududda muammo bor — barchasini aniq ko‘rsatib beradi.
Bu ishlanma raqamli dehqonchilik tamoyillariga mos ravishda ishlab chiqilgan bo‘lib, kelajakda qishloq xo‘jaligida samaradorlikni keskin oshirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)