Jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global savdodagi raqobat murakkablashib borayotgan bir paytda milliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni noqonuniy va sifatsiz importdan himoya qilish, adolatli raqobat muhitini ta’minlash zarurati yuzaga kelmoqda.
Hukumat qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun ayrim tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib kirish tartibi takomillashtirildi. Yagona bojxona to‘lovi joriy etilib, tovarlar miqdori va qiymati bo‘yicha aniq me’yorlar belgilandi.
Agar tovarlar tijorat maqsadida olib kirilayotgan bo‘lsa, ular uchun umumiy bojxona tartibi qo‘llaniladi. Endilikda jismoniy shaxslarning mamlakatga tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlari quyidagicha bo‘ladi:
- havo transportida — 1000 dollar;
- temiryo‘l va daryo transportida — 500 dollar;
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali — 300 dollar.
Jismoniy shaxslarga xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali yetkazib beriladigan tovarlar uchun stavka 200 dollar miqdorida bo‘ladi.
Bu kabi tartib kщplab davlatlarda amal qilmoqda va tovarlarni bojsiz olib kirishning chegarasi O‘zbekistondagidan ancha past. Masalan, Yevropa ittifoqi davlatlarida bojsiz olib kirish me’yorlari havo transportida — 480 dollarni, avto, piyoda va temiryo‘lda — 330 dollarni, kuьrerlik jo‘natmalari — 175 dollarni tashkil etadi. Turkiyada barcha o‘tkazish punktlarida bojsiz olib kirish me’yori — 480 dollar, Xitoyda — 722 dollar etib belgilangan. Kuryerlik jo‘natmalari uchun esa me’yor Turkiyada — 79 dollar, Xitoyda — 288 dollarni tashkil qiladi.
Shuningdek, 20 iyuldan boshlab bojxona to‘lovisiz limitdan foydalanish uchun mamlakat tashqarisida bo‘lishning minimal muddati joriy etiladi. Xususan, piyoda yoki avtomobilda kirayotgan fuqarolar chet elda kamida ikki kun, samolyotda qaytayotganlar esa kamida uch kun bo‘lishlari kerak. Aks holda olib kirilgan tovarlar belgilangan limitdan oshgan deb hisoblanadi va ularning to‘liq qiymatidan 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Jismoniy shaxs tomonidan mamlakatdan bojxona deklaratsiyasini taqdim etmasdan olib chiqilishi mumkin bo‘lgan tovarlar uchun belgilangan maksimal norma 5000 dollar miqdorida saqlanib qoladi.
Bu choralar nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qiladi, balki bojxona nazoratini samarali tashkil etish va kontrabandaning oldini olish imkonini ham beradi.
Mazkur qaror orqali davlatimiz global savdo zanjirlaridagi o‘zgarishlarga, xomashyo va tayyor mahsulotlar narxlarining keskin tebralishlariga va tashqi iqtisodiy xatarlarga mos ravishda ichki iqtisodiy siyosatni moslashtirmoqda. Harakatlar natijasida:
- milliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi raqobatbardoshligi mustahkamlanadi;
- arzon va sifatsiz mahsulotlar oqimining oldi olinadi;
- ichki bozordagi narx-navo barqarorligi saqlanadi;
- mamlakat iqtisodiyoti uchun barqaror soliq tushumlari ta’minlanadi.
Yangi tartib fuqarolarning shaxsiy ehtiyojlarini e’tibordan chetda qoldirmagan holda, ichki ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qilish, bozorda sog‘lom raqobat muhitini yaratish va mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)