Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan M1991 yalpi o‘t ochish reaktiv tizimidan foydalanayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib Yuriy Butusov xabar berdi.
Ukrainalik harbiy jurnalist tomonidan e'lon qilingan videoda rus askarlari M1991 tizimini dronlarga qarshi himoya bilan jihozlayotgani aks etgan. Tasvirlar qachon va qayerda yozib olingani noma'lum.
Rossiya qo‘shinlari Shimoliy Koreyadan KN-28 qisqa masofali taktik ballistik raketa tizimlari, "Koksan" o‘ziyurar gaubitsalari hamda boshqa qurollarni olib kelayotgani haqida avval ham xabar berilgandi. Biroq sobiq Sovet Ittifoqining Uragan tizimiga o‘xshash M1991 kuzatuvchilar uchun yangilik bo‘ldi.
U haqida nimalar ma’lum?
M1991 – bu Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan 220 mm kalibrli yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi bo‘lib, Uragan'ning analogi hisoblanadi. U taxminan 90 kg og‘irlikdagi raketalardan 22 tasini birvarakayiga uchirishi mumkin. Boshqarilmaydigan raketalar va yuqori aniqlikdagi reaktiv snaryadlar ham shular jumlasidan.
Forbes’ning yozishicha, Seul bu tizimlarni Janubiy Koreya bilan demilitarizatsiya zonasidagi tog‘ bunkerlariga joylashtirgan. Bundan maqsad esa ehtimoliy urush sharoitida Seul va unga yondosh hududlarga zarba berishdir.
Shimoliy Koreya qurollari Rossiyada
Ukraina mudofaa razvedkasi rahbari Kirill Budanovning ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya 2025-yilda Rossiyaga 148 ta ballistik raketa tizimi (jumladan, KN-23) yetkazib berishi rejalashtirilgan. Budanov, shuningdek, Rossiya harbiy ishlab chiqarishni keskin oshirgani, ammo rus armiyasi foydalanayotgan artilleriya snaryadlarining 50 foizi koreyslardan sotib olinganini qo‘shimcha qilgan.
Izoh (0)