Daryo

Toshkent bosh rejasi o‘zgardi: muhofaza hududlaridagi qurilishlarga ruxsat berildi

Yangi tahrirdagi bosh rejaga asosan, poytaxtda yangi parklar va yashil maydonlar ko‘paytiriladi. Avval 3—5 qavat bino qurish belgilangan joylarda endi 30 qavatgacha qurish mumkin bo‘ladi. Qator muhofazaga olingan hududlar qurilish maydoniga aylanadi.

5 daqiqa o‘qish17 988 ko‘rishlar0 izoh9

Hukumat Toshkent shahrining 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga bir qator o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritdi. Yangi qaror bilan aksar muhofaza hududlarida ham binolar qurishga ruxsat berildi. Avval 3—5 qavat bino qurish belgilangan joylarda endi 30 qavatgacha qurilish qilish mumkin. Shu bilan birga, poytaxtda yangi parklar va yashil maydonlar tashkil etilishi majburiy shart etib qo‘yildi.

Foto: “Daryo”

​Yashil maydonlar ko‘paytiriladi

2024-yil 24-dekabr kuni hukumat qarori bilan uzoq kutilgan Toshkent shahrining 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan. Oradan ikki yildan ortiqroq vaqt o‘tib — 2026-yil 28-fevralda hujjatga qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi qarorga asosan, poytaxtda jami qiymati 16,2 milliard dollarlik investitsiya loyihalariga start beriladi. Loyihalar 2 ming 311 gektardan ortiq maydonda parklar, uylar, mehmonxonalar va boshqa obyektlar qurishga mo‘ljallanadi. Qurilishlar xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Har bir loyiha hududining kamida 30 foizida yashil maydonlar bo‘lishi majburiy etib belgilandi. Yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan voz kechiladi.

Foto: “Daryo”

Yangi parklar va investitsiya loyihalari

Tashkent invest kompaniyasi AJ shaharning to‘qqizta hududida jami 139,6 gektarli yangi yashil hududlar — jamoat parklari quradi. Keyin ular konservatsiya zonasiga (muhofaza hududi) o‘tkaziladi. Parklar quyidagi hududlarda barpo etiladi:

• Uchtepa tumani “Katta Cho‘ponota” mahallasi;
• Yunusobod tumani “Matonat” mahallasi;
• Mirzo Ulug‘bek tumani “Avayxon” mahallasi;
• Yangihayot tumani “Chortoq” mahallasi.
• Mirobod tumani “Mirobod”, “Oybek”, “Baynalminal” mahallasi;
• Sergeli tumani “Qut-baraka” va “Xonobodtepa” mahallalarida.

Yangilangan bosh rejaga qator investitsiya loyihalari ilova qilingan. Masalan, Bektemir tumanidagi 150 gektar maydonda eng yirik loyihalardan biri amalga oshiriladi. Bunda turar joy, maishiy xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar majmualari quriladi. Loyiha qiymati 3 milliard dollarni tashkil etadi. Mazkur tumanda yana bir shunga o‘xshash yirik loyiha — Bektemir city qurilishiga 1,2 milliard dollar sarmoya kiritiladi.

Foto: Lex.uz
Foto: Lex.uz

Bosh rejaga muvofiq, Chilonzor tumani Beshyog‘och bozori o‘rnida (10,6 gektar)ko‘pqavatli turar joylar, mehmonxona, maishiy xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar quriladi. Loyihalar umumiy qiymati 461 million dollar bo‘lishi rejalashtirilgan. 2025-yil yanvarda Turkiya kompaniyalaridan biri bozor hududida yirik biznes markazi qurish taklifini bildirgandi. Keyinroq loyiha poytaxt hokimligi huzuridagi Tashkent invest kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi xabar qilingan. Bunda binolar balandligi 30 qavatgacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan. U paytda bosh reja bo‘yicha binolar 9 qavatdan baland bo‘lmasligi belgilangandi. Majmua 9 ming 216 nafar aholi uchun 2 ming 304 ta xonadonni o‘z ichiga olishi, yashil maydonlar 1,2 gektar bo‘lishi bildirilgan. Bunday baland binolar qurilishi shahar bosh rejasiga zidligi ijtimoiy tarmoqlar faollarida e’tirozlar uyg‘otgan. Beshyog‘och bozori o‘rnida hech narsa qurilmasligi va tarixiy bozor tiklanishi kerakligi aytilgan.

Yangi qaror bilan mazkur loyiha amalga oshirilishi tasdiqlangan. Yana qolgan tumanlarda ham turar joylar va boshqa turdagi obyektlar qurilishi belgilangan. Masalan, Olmazorda talabalarga turar joy, Yashnobodda zamonaviy savdo markazi barpo etiladi.

Foto: Lex.uz

Muhofaza zonalari qurilish maydoniga aylanadimi?

Bosh rejada poytaxt hududlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan. Yangi qaror bilan aksar zonalar biridan boshqasiga almashtirilgan. Masalan, konservatsiya zonasi renovatsiya hududi sifatida qayta baholangan.

Konservatsiya zonasida ekologiya, madaniy meros va boshqa muhim obyektlar muhofaza qilinib, qo‘shimcha bino-inshoot qurish taqiqlanadi. Renovatsiya zonasi esa qayta qurishga asoslanadi. Yaʼni foydalanishga yaroqsiz, talabga javob bermaydigan bino-inshootlar buzilib, o‘rniga yangi qurilish qilinadi. Rekonstruksiya zonasida eski obyektni saqlab, asosiy tuzilmasi yangilanadi yoki modernizatsiya qilinadi.

Yangi tahrirdagi hukumat qarorida bosh rejaning 270 dan ortiq asosiy ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgan. Xususan, qator konservatsiya zonalari renovatsiya hududlariga aylanadi. Ulardan ayrimlarini misol sifatida keltirish mumkin.

Avvalgi bosh rejaning 460 va 461-bandlarida Mirzo Ulug‘bek tumani “Chingeldi” MFYdagi 1,63 gektarli yer qayd etilgan. Hudud suv bo‘yida joylashgan yashil maydon bo‘lgani uchun muhofazaga olingani ko‘rsatilgan. Yangi qaror bilan esa u renovatsiya zonasiga o‘zgartirilgan. Maydonda besh qavatli binolar qurishga ruxsat berilgan.

Avvalgi qaror jadvalidagi bandlar
Foto: Lex.uz
Yangi qaror jadvalidagi 460-461-bandlar
Foto: Lex.uz

Eski tahrirdagi bosh reja jadvalining 584-bandida Yashnobod tumani “Jarboshi” MFYdagi 2,95 gektarli hudud konservatsiya zonasi ekani ko‘rsatilgan. U yerda suv bo‘yi va havzalari mavjudligi sabab qurilish qilish taqiqlangan. Yangi qaror bilan mazkur hudud ham renovatsiya zonasi bo‘ldi. Uning katta qismida besh qavatli binolar quriladi. O‘z navbatida 585, 586-bandlarda tumandagi avval konservatsiya zonasi sifatida belgilangan hududlar endi renovatsiyaga aylangan.

Avvalgi 1282-bandda Bektemir tumani “Zabardast” MFYdagi 7,23 gektarli madaniy maʼrifiy obyekt konservatsiya zonasi edi. Yangi tahrirda esa hudud renovatsiyaga o‘tkazilgan. U yerda 30 qavatgacha binolar qurilishiga ruxsat berilgan. 1348 va 1349-bandlarda ham mazkur MFYdagi 30 gektardan ortiq yerlar konservatsiya hududi bo‘lgan. Yangilangan rejada ular ham renovatsiya zonasiga o‘zgartirilgan. Hududlarda 30 qavatgacha binolar qurilishiga ruxsat berilgan.

Ayrim hududlarda poliklinika, bog‘chalar joylashgan konservatsiya zonalari ham renovatsiyaga o‘tkazilgan. Bunday hududlarda ham ko‘p qavatli binolar qurishga ruxsat berilgan.

Avvalgi qaror jadvalidagi 584-band
Foto: Lex.uz
Yangi qaror jadvalidagi 584-band
Foto: Lex.uz

Binolarga qavatlar qo‘shilgan

Yangi qarorda binolarni avval 3–7 qavatgacha qurish mumkin bo‘lsa, endi 30 qavatgacha qurishga ruxsat berildi. Masalan, oldingi qarorda Bektemirdagi 12,96 gektar hududda 3 qavatli binolar borligi yozilgan. Yangi tahrirda bu hudud renovatsiya zonasiga o‘tkazilib, 30 qavatli bino qurish mumkinligi belgilandi.

768-bandda Mirzo Ulug‘bek tumani “Navnihol” MFYdagi 15,8 gektar joy aholi yashash hududi ekani yozilgan. Mazkur hududdagi besh qavatli binolar o‘rnida 27 qavatli uylar qurilishiga ruxsat berilgan. Xuddi shu MFY hududiga tegishli ekani yozilgan 769, 770, 771-bandlarda ham binolarni 5-7 qavatdan 27 qavatgacha ko‘tarish mumkin bo‘ldi.

Avvalgi qaror jadvalidagi 768-band
Foto: Lex.uz
Yangi qaror jadvalidagi 768-band
Foto: Lex.uz

Avvalgi hujjatda zonalarga oid bunday bandlar 7 569 ta bo‘lsa, yangi versiyada 7 570–7 580 taga yetkazilgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar