2025-yil yanvar—sentyabr oylarida Oʻzbekistonda jami 224,5 trln soʻmlik qurilish ishlari bajarildi. Bu koʻrsatkich 2024-yil mos davrida 185,4 trln soʻmni tashkil etgan. Yillik oʻsish — 14,2 foiz .
Statistika qoʻmitasi tahliliga koʻra, umumiy ulushning 68,9 foizini bino va inshootlar, 20,8 foizini fuqarolik obyektlari qurilishi tashkil etgan. Qolgan 10,3 foizi esa ixtisoslashtirilgan qurilishlar boʻlgan.
Respublika miqyosida eng koʻp qurilish Toshkent shahrida amalga oshirilgan — 64,1 trln soʻm. Shu bilan birga, Toshkent (25,2 trln soʻm), Samarqand (14,2 trln soʻm), Fargʻona (13,7 trln soʻm) va Buxoro (13,8 trln soʻm) viloyatlari ulushi nisbatan yuqori.
Eng kam qurilishlar Sirdaryo (4,4 trln soʻm) va Jizzax viloyatlarida (5,9 trln soʻm) bajarilgan.
Toʻqqiz oy mobaynida respublikada yirik korxonalar tomonidan 54,5 trln soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Umumiy qurilish ishlari hajmining 51 foizi kichik korxonalar va mikrofirmalar hissasiga toʻgʻri kelgan. Norasmiy sektorda qurilish ishlarining ulushi 24,7 foizni (55,5 trln soʻm) tashkil etgan. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 7,2 foizga koʻp degani.








