Daryo

Tramp Qozog‘iston prezidentini G‘azo Tinchlik kengashiga taklif etdi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev taklifni qabul qilganini ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish9 183 ko‘rishlar0 izoh5

AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jo‘mart To‘qayevni G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha tuzilayotgan Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lishga taklif etdi. Mazkur ma’lumotni Qozog‘iston prezidentining matbuot kotibi yordamchisi Ruslan Jeldibay tasdiqladi. Bu haqda Nur Kazakhstan xabar berdi.

“Birinchilardan bo‘lib taklif oldi”

Ruslan Jeldibayning so‘zlariga ko‘ra, Qosim-Jo‘mart To‘qayev jahon yetakchilari orasida birinchilardan bo‘lib mazkur kengash tarkibiga kirish bo‘yicha rasmiy taklifnomani qabul qilib olgan. Shuningdek, Qozog‘istonga yangi tuzilmaning ta’sischi davlatlaridan biri bo‘lish taklif etilgan.

“Ha, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev jahon yetakchilari ichida birinchilardan bo‘lib Tinchlik kengashi tarkibiga kirish, Qozog‘iston esa unga ta’sischi davlat bo‘lishi haqida rasmiy taklif oldi. Bunga javoban davlat rahbari AQSH prezidenti nomiga samimiy minnatdorlik bildirildi va ushbu yangi birlashma tarkibiga kirishga roziligini tasdiqlovchi maktub yo‘lladi”, dedi Jeldibay.

Matbuot kotibining qayd etishicha, Qozog‘iston prezidenti o‘z maktubida mamlakatning Yaqin Sharqda mustahkam tinchlikka erishish, davlatlararo ishonchni mustahkamlash va global barqarorlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga intilishini tasdiqlagan.

Tramp shu kungacha Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Argentina prezidenti Xaver Mileyga ushbu taklif bilan murojaat qilgan edi. Ma’lumot o‘rnida, AQSH rahbari G‘azo sektorida tinchlik kengashi tarkibini 2026-yil 16-yanvarda e’lon qilgan. Unga sakkiz nafar a’zo, jumladan, AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va boshqalar kiradi.

Bloomberg’ning yozishicha, AQSH ma’muriyati Kengashda doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar so‘ramoqda. Shu bilan birga, guruh nizomi loyihasida Trampning o‘zi kengashning birinchi raisi bo‘lishi aytilgan. U tashkilotga kimni qabul qilishni o‘zi hal qiladi. Shuningdek, AQSH prezidenti ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadigan tashkilot qarorlarini ma’qullashi yoki rad etishi mumkin bo‘ladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar