Daryo

Tramp G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” tarkibini e’lon qildi

Ijroiya kengashiga bevosita AQSH prezidentining o‘zi raislik qiladi. Ro‘yxatda birorta ham ayol kishi yoki falastinlik qayd etilmadi. Kengash G‘azoni vaqtincha boshqarish va uni qayta tiklash vazifasi yuklatilgan texnokrating qo‘mita faoliyatini nazorat qiladi.

3 daqiqa o‘qish4 689 ko‘rishlar0 izoh2

Oq uy AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan G‘azo sektori uchun yangi tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” (Board of Peace) a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mazkur ijroiya kengashiga bevosita AQSH prezidentining o‘zi raislik qiladi. Kengash G‘azoni vaqtincha boshqarish va uni qayta tiklash vazifasi yuklatilgan texnokrating qo‘mita faoliyatini nazorat qiladi.

Kengashning asosiy vazifalari

Oq uyning bildirishicha, kengashning har bir a’zosi G‘azoni barqarorlashtirish uchun o‘ta muhim hisoblangan muayyan yo‘nalishga mas’ul bo‘ladi. Hozircha kim qaysi soha uchun javob berishi ochiqlanmayapti. Shunisi e’tiborliki, yuqori darajadagi ushbu ro‘yxatda birorta ham ayol kishi yoki falastinlik vakil yo‘q. Biroq rasmiylar kelgusi haftalarda qo‘shimcha a’zolar e’lon qilinishini ta’kidlamoqda. Demak, “Tinchlik kengashi”ning ta’sischi a’zolari quyidagilardir:

1. Toni Bler

U Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri sifatida 1997–2007-yillarda faoliyat yuritgan. U kengashning AQSH fuqarosi bo‘lmagan yagona a’zosidir. Bler 2007–2015-yillarda BMT, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Rossiyadan iborat “Xalqaro kvartet”ning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi bo‘lgan. U Trampning G‘azo bo‘yicha rejasini ikki yillik urush va azob-uqubatlarga barham berishning eng yaxshi imkoniyati deb atagan.

2. Marko Rubio

AQSH davlat kotibi. Rubio Tramp hukumatga kelmasidan oldin G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi chiqqan va Isroilni HAMASni butunlay yo‘q qilishga chaqirgan edi. Biroq keyinchalik u oktyabr oyidagi sulh kelishuvini “yagona va eng yaxshi reja” sifatida olqishladi.

3. Stiv Uitkoff

AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili, ko‘chmas mulk magnati va Trampning golf bo‘yicha hamkori. Uitkoff G‘azoni qayta tiklash va uni to‘liq demilitarizatsiya qilish (HAMASni qurolsizlantirish) rejasini ilgari surmoqda. Uitkoff shu oy boshida Trampning urushni tugatish rejasining ikkinchi bosqichini e’lon qildi. Uitkoff, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda ham faol bo‘lib, dekabr oyida Moskvada Vladimir Putin bilan 5 soatlik uchrashuv o‘tkazgan.

4. Jared Kushner

Trampning kuyovi va uning tashqi siyosat bo‘yicha asosiy maslahatchilaridan biri. U Rossiya—Ukraina va Isroil—G‘azo mojarolarida vositachilik qilib keladi. Kushner 2024-yilda Garvard universitetidagi nutqida G‘azoning sohilbo‘yi hududlari juda qimmatli aktiv bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.

5. Mark Rouen

U Nyu Yorkda joylashgan Apollo Global Management xususiy investitsiya firmasi rahbari, milliarder. U Tramp ma’muriyatida moliya vaziri lavozimiga ham asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgan edi.

6. Ajay Banga

Jahon banki prezidenti. 1959-yilda Hindistonda tug‘ilgan Banga 2007-yilda AQSH fuqaroligini olgan. U 10 yildan ortiq Mastercard bosh direktori bo‘lgan va Barak Obama kabi yuqori darajadagi siyosatchilarga maslahat bergan. U 2023-yilda Jo Bayden tomonidan Jahon banki rahbarligiga ko‘rsatilgan edi.

7. Robert Gabriel

AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi. U 2016-yildan beri Tramp bilan birga ishlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Trampning yana bir asosiy maslahatchisi Stiven Millerning maxsus yordamchisi bo‘lib ishlagan.

8. Nikolay Mladenov

Bolgariyalik siyosatchi va BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq elchisi Nikolay Mladenov kengashning bevosita G‘azodagi vakili bo‘ladi. U G‘azoning urushdan keyingi kundalik boshqaruviga mas’ul bo‘lgan 15 kishilik G‘azoni boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mitani nazorat qiladi. Ushbu yangi qo‘mitaga Isroil nazorati ostida bo‘lmagan G‘arbiy sohilning bir qismini boshqaradigan Falastin muxtoriyati (PA) vazirining sobiq o‘rinbosari Ali Shaat rahbarlik qiladi.

Bundan oldin G‘azo sektorida HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik sulhining ikkinchi bosqichi boshlangani haqida xabar qilingandi. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar