AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni G‘azo sektorini qayta tiklash va u yerda xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan “Tinchlik kengashi”ga ta’sischi a’zo sifatida qo‘shilishga taklif qildi. Bu haqda Turkiya prezidenti administratsiyasi aloqa bo‘limi rahbari Burhaniddin Duranning bayonotiga tayanib Anadolu xabar berdi.
“BMT Xavfsizlik kengashi 2803-sonli rezolyutsiya orqali Tramp tomonidan e’lon qilingan ‘G‘azodagi mojaroga chek qo‘yish bo‘yicha keng qamrovli reja’ni qo‘llab-quvvatlash haqida qaror qabul qildi”, dedi Burhaniddin Duran.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur reja doirasida G‘azo sektorida xavfsizlikni ta’minlash va hududni qayta qurish ishlariga mas’ul bo‘lgan “Tinchlik kengashi” hamda uning tegishli tuzilmalari tashkil etilmoqda.
Erdo‘g‘onga yo‘llangan rasmiy maktub
Qayd etilishicha, Donald Tramp “Tinchlik kengashi” asoschisi va raisi sifatida turkiyalik hamkasbiga maxsus taklifnoma yuborgan.
“AQSH Prezidenti Donald Tramp 2026-yil 16-yanvar kuni ‘Tinchlik kengashi’ asoschisi va raisi sifatida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni ta’sischi a’zolaridan biri bo‘lishga taklif qilib, maktub yo‘lladi”, dedi Duran o‘z bayonotida.
Ayni paytda, BBC’ga ko‘ra, Tramp kengash a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi. Shunisi e’tiborliki, yuqori darajadagi ushbu ro‘yxatda birorta ham ayol kishi yoki falastinlik vakil yo‘q. Biroq rasmiylar kelgusi haftalarda qo‘shimcha a’zolar e’lon qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan oldin G‘azo sektorida HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik sulhining ikkinchi bosqichi boshlangani haqida xabar qilingandi.








