Rossiya rahbari Vladimir Putin ishdan olganidan so‘ng transport vazirining o‘z joniga qasd qilishi – jamoatchilik orasida turli savollarni paydo qildi. Qizig‘i, so‘nggi yillarda Rossiyada yuqori martabali amaldorlar, tadbirkorlar va davlat kompaniyalari rahbarlari orasida g‘ayritabiiy o‘limlar keskin ko‘paygan. Ayniqsa, 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan boshlagan harbiy tajovuzi – bunday “baxtsiz” hodisalarni yanada ko‘payishiga sabab bo‘ldi.
Quyidagi maqolada 2022-yildan to bugungi kungacha Rossiyada sirli tarzda o‘z joniga qasd qilgan yoki “kutilmagan” hodisa tufayli vafot etgan kompaniya rahbarlari, yirik tadbirkorlar haqida so‘z yuritamiz.
Statistik raqamlar
Dastlab sirli o‘limlar ortidagi statistik haqiqatlarga murojaat qilib, yillar kesimida qancha mulozim vafot etgani aniqlashtirib olsak. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilning o‘zida kamida 30 ga yaqin yirik shaxslar — “Gazprom”, “Lukoyl”, “Transneft”, “Novatek” kabi gigant kompaniyalarning rahbarlari, gubernatorlar, sudyalar, elchilar va Kremlga aloqador figuralar shubhali tarzda vafot etgan.
2023-yilda ham 25 dan ortiq davlat korporatsiyalarida muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan shaxslar shunday taqdir sohibiga aylangan. 2024-yilda esa 16 ta sirli o‘lim holati aniqlangan bo‘lsa, joriy yilda 4 ta shunday voqea (Roman Starovoyt uchinchisi bo‘ldi – tahr.) sodir bo‘lgan.
- Avvalroq “Daryo” bunday “tasodifiy” o‘limlar haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edi.
Leonid Shulman
Sodir bo‘lgan birinchi eng shov-shuvli fojia — bu 2022-yilning yanvar oyida “Gazprom Invest” transport xizmati rahbari 60 yoshli Leonid Shulmanning o‘limi bo‘lgan edi. O‘shanda u Leningrad viloyatidagi kompaniya dachasining hammomidan o‘lik holda topilgan.
Murda yonidan o‘z joniga qasd qilishga qaror qilgani haqidagi maktub ham topilgan. Rossiya prokuraturasi Leonid Shulmanni o‘z joniga qasd qilgan deb topib, ishni shu asosda yopgan.

Aleksandr Tyulyakov
Qiziq jihati, Leonid Shulman va boshqa bir qator “Gazprom” va energetika sektoridagi rahbarlar birma-bir sirli tarzda vafot etgan.
Masalan, 2022-yilning fevral oyida (Shulmanning o‘limidan 1 oy o‘tib) “Gazprom”ning g‘aznachilik bosh direktorining korporativ xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari — 61 yoshli Aleksandr Tyulyakov o‘z uyining garajidan osilgan holda topilgan. Hayronqolarli jihati, Tyulyakovaning ham yonidan o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida maktub chiqqan.
O‘shanda “Novaya gazeta” nashriga ismini oshkor etishni istamagan, ammo tahririyatga ma’lum bo‘lgan Leningrad viloyati tergov qo‘mitasi xodimining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, sud-tibbiyot ekspertlari ishga kirishgan vaqtda bir nechta yigitlar uchta avtomobilda kelib, politsiya va tergovchilarni uyning tashqarisiga chiqarib yuborgan. Ular o‘zlarini “Gazprom”ning xavfsizlik xizmatidan ekanliklarini bildirgan.
Vladislav Avayev
Rossiyada mansabdor shaxslar oila a’zolari bilan birgalikda o‘z joniga qasd qilgan holatlar ham kuzatilgan. Jumladan, Rossiya rahbari Vladimir Putinga yaqin hisoblangan “Gazprombank” xususiy bankining sobiq vitse-prezidenti Vladislav Avayev Moskvadagi kvartirasida rafiqasi Yelena va kenja qizi Mariya bilan birga o‘lik holda topilgan. Ularning har birida o‘q tan jarohatlari bor edi.
Avayevning 26 yoshli qizi Anastasiya o‘z oilasini o‘qdan yaralangan holda topib, politsiyaga otasining qo‘lidan qurol topib olganini aytgan.
Politsiya va tergov guruhi “Avayev birinchi rafiqasini, so‘ng qizini, oxirida esa o‘zini o‘ldirgan”, degan xulosaga kelgan.

Ispaniyadagi jumboqli o‘lim
Shubhali tarzda vafot etishlar Rossiyadan tashqaridan ham davom etgan. Misol uchun, Rossiyada tabiiy gaz ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan “Novatek” kompaniyasi boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari — Sergey Protosenya, 2022-yilning aprel oyida oila a’zolari bilan birgalikda Ispaniyaning Lloret de Mar shahridagi ijaraga olingan villadan jazosiz holda topilgan.
O‘shanda 55 yashar Protosenyaning murdasi balkonda osilgan holda, uning rafiqasi Natalya va qizi Mariyaning jasadlari esa yotoqxonada pichoqlan va bolta bilan chopilgan tarzda topilgan edi.
Kataloniya politsiyasi “Mossos d’Esquadra” bu voqeani “oila a’zolari tomonidan amalga oshirilgan oilaviy qotillik va keyin o‘z joniga qasd qilish” deb baholagan. Ularga ko‘ra, Protosenya avval oila a’zolarini pichoq va bolta bilan o‘ldirgan, keyin o‘zini osgan.
Biroq bu versiyaga Sergey Protosenyaning o‘g‘li qarshi chiqib, otasi qotil emasligini aytib bir qancha guvohlar keltirgan. Biroq politsiya Protosenya o‘zini va oila a’zolarini o‘ldirgan degan to‘xtamda qolgan.

Sobiq KGB agenti va neft magnati
Vyacheslav Rovneyko — aslida sobiq KGB agenti bo‘lib, Rossiyada neft magnati, Urals Energy hamda Interregional Fuel Union kompaniyalarining asoschilaridan biri edi.
2023-yil 22-fevral kuni tunda 59 yoshli tadbirkor Odintsovodagi yozgi uyida hushsiz holda topilgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar uni qutqara olmagan.
Uning tanasidan “zo‘ravonlik alomatlari” aniqlanmagan va natijada prokuratura kriminal tergovni boshlamagan, jinoyat alomatlari topilmaganligi tufayli ishni ochilmagan deb e’lon qilgan.
Mixail Rogachev
2024-yilning oktyabr oyida “YUKOS EP”ning korporativ boshqaruvi bo‘yicha sobiq vitse-prezidenti — 64 yoshli Mixail Rogachev Moskvada 10-qavatli bino derazasidan tushib ketib halok bo‘lgan. U o‘z joniga qasd qilishdan oldin xotini va shifokoriga xat qoldirgan.
Qayd etilishicha, “YUKOS” sobiq vitse-prezidentining sog‘lig‘ida jiddiy muammolar, jumladan, asablari bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Rasmiy tergov suisid (o‘z joniga qasd) sifatida qayd etilgan. Bu esa og‘ir kasallik va ruhiy holat bilan bog‘langan.
Rogachev 1996-yildan 2007-yilgacha “YUKOS” korporatsiyasida yuqori lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik “ONEXIM” guruhining ijrochi direktori bo‘lgan.

Vitaliy Robertus
2024-yilning mart oyida “Lukoyl” vitse-prezidenti Vitaliy Robertus o‘z ofisida osilgan holda topilgan. Bu voqea “Lukoyl” kompaniyasi rahbarlarining Ukrainada to‘liq miqyosdagi urush boshlangani (2022-yil 24-fevral)dan beri to‘rtinchi sirli o‘lim bo‘lgan.
Ilgari quyidagilar ham vafot etgan edi:
Aleksandr Subbotin — 2022-yil may oyida narkotik bilan bog‘liq yurak xuruji natijasida vafot etgani aytilgan;
Ravil Maganov — 2022-yil sentyabrda Moskva kasalxonasining oynasidan hovliga yiqilib, halok bo‘lgan.
Vladimir Nekrasov — 2023‑yil oktyabrda sog‘lig‘idagi muammolarga ko‘ra vafot etgan.

Andrey Badalov
2025-yil iyun oyida Rossiyaning “Transneft” neft quvurlari kompaniyasi vitse-prezidenti — 62 yoshli Andrey Badalov Rublevskoye shossesida joylashgan yuqori qavatli uy oldida jonsiz holda topilgan.
Rasmiy tergov Badalovni o‘z joniga qasd qilgan deb topgan. Biroq tergov harakatlari yakuniga yetmagan. U o‘z joniga qasd qilishdan oldin oila a’zolariga xayrlashuv maktubini yozib qoldirgan.
Yuqoridagi shaxslarning o‘limi deyarli bir-biriga juda o‘xshash. Kimdir baland bino derazasidan o‘zini tashlab, kimdir avval oilasini, keyin esa o‘zini, yana boshqa kimdir esa to‘pponcha bilan o‘z joniga qasd qilgan.
Ammo yuqori qavatdan qulagan, o‘ziga o‘q uzayotgan va osilgan tanalar ortida faqatgina ruhiy tushkunlik yoki shaxsiy muammolar yotganiga ishonish qiyin. Neft tuproq ostidan bosim bilan yuqoriga otilgani singari kun kelib bu o‘limlar ortida berkitilayotgan haqiqatlar ham yuzaga chiqadi, degan umiddamiz. Ammo bu yo‘lda yana necha kishi qurbon bo‘ladi? Ayni shu savol hozircha ochiq qolmoqda.
Izoh (0)