Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil Isroil uning mamlakatiga hujum qilib, 12 kunlik urush olib borganidan beri ilk bor jamoatchilik oldida ko‘rinish berdi.

Davlat televideniyesi namoyish etgan videoda 86 yoshli Xomanaiy Tehrondagi masjidga borgani, eronliklar esa ularni olqishlar bilan qarshi olgani aks etgan.
Qora libosda ko‘rinish bergan Xomanaiyni odamlar “Tomirlarimizdagi qon yetakchimiz uchun!”, degan shiorlar bilan kutib oldi. Davlat telekanali marosim Eron poytaxtidagi Imom Xomeyni masjidida bo‘lib o‘tganini tasdiqladi.
Ali Xomanaiy 1989-yildan beri hokimiyat tepasida. U Isroil tomonidan 13-iyun kuni boshlangan hujumlardan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bermayotgan edi. Eron oliy rahbari oxirgi bor 12 kunlik urushdan ikki kun avval parlament a’zolari bilan uchrashgan.
Tehron e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida 900 dan ortiq eronlik halok bo‘lgan. Bunga javoban Eron ham Isroilga raketa zarbasi berdi. Natijada kamida 28 nafar isroillik o'lgan.

Qo‘shma Shtatlar ham mojarodan chetda qolmadi. U Eronning uchta yadroviy obyektiga zarba berdi. Donald Tramp hujumlar Eronning yadro imkoniyatlarini “butkul yo‘q qilganini” da’vo qildi.
Biroq BMT Xalqaro atom energiyasi agentligi MAGATE rahbari Rafael Grossi o‘tgan hafta bayonot berib, Eron bir necha oy ichida uranni boyitishni qayta yo‘lga qo‘yishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar sezilarli zarar yetkazgan bo‘lsa-da, Eron hanuz bunday potensialga ega.
Izoh (0)