O‘zbekistonda elektr energiyasining ulgurji bozori tashkil etiladi va savdo jarayonlari onlayn amalga oshiriladi. Bu haqda Senatning 57-yalpi yig‘ilishida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev maʼlum qildi.
Bugun, 10-iyul kuni senatorlar yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni maʼqulladi. Hujjatdan o‘rin olgan masalalardan biri — respublikada elektr energiyasining erkin va raqobatli bozorini tashkil etish.
Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, energetika bozori yaratilsa, savdo va narxlar shakllanish jarayoni keng omma uchun ochiq bo‘ladi.
“Elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozori tashkil etilganda, barcha savdo operatsiyalari onlayn platforma orqali amalga oshiriladi. U yerda shakllanayotgan narxlar nafaqat bozor uchun, balki keng omma uchun ham ochiq bo‘ladi. Internetdagi sahifa yoki mobil ilova orqali onlayn kuzatib borish imkoniyat yaratiladi. Bundan tashqari, tartibga solinadigan tariflar, davlat tomonidan belgilanadigan narxlarni shakllantirish metodologiyasi ham ochiq va shaffof bo‘ladi”, dedi agentlik rahbari.
Sherzod Xo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, elektr energiyasi narxlarini shakllantirishda korxonalardagi ishlab chiqarish xarajatlari va rentabellik darajasi ham keng omma uchun ochiqlanadi.
“Monitoring qilish bo‘yicha agentlikka yuklatilgan vazifalardan biri mana shu tariflarni noto‘g‘ri qo‘llanilish va asossiz daromad olinishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Agentlikka bunday ishga qo‘l urgan bozor ishtirokchilariga tegishli jarima sanksiyalari qo‘llash vakolati berilgan”, dedi tashkilot masʼuli.
Yangi tahrirdagi qonun bilan isteʼmolchilarning narxlar, ishonchli elektr taʼminoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish nazarda tutilgan. Hujjatda sohaga xususiy sarmoyalarni jalb qilish tartibi ham belgilangan.
Izoh (0)