Prezident tomonidan Robaxon Anvarovna Mahmudovani Oliy sud raisi lavozimiga saylash to‘g‘risidagi taqdimnoma Oliy Majlis Senatiga kiritildi.
Yuqori palata kengashi 18-iyun kuni Mahmudovani sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga va Oliy sudi raisi lavozimiga besh yil muddatga saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Robaxon Mahmudova 1958-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U mehnat faoliyatini sud tizimida boshlagan va quyi sudlardan Oliy sud sudyasi darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
Turli yillarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi, Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri lavozimlarida ishlagan.
2020-yilda Farg‘ona viloyatidan Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylangan va Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasiga rahbarlik qilgan. U 2020-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
2023-yilda esa “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida saylovlarda ishtirok etgan.
2024-yil yanvar oyida Robaxon Mahmudova “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi etib saylangan edi. Bungacha u Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Bunga qadar Oliy sud raisi lavozimida ishlab kelgan Baxtiyor Islomovni lavozimdan ozod etish toʻgʻrisida Oliy Majlis Senatiga prezident tomonidan taqdimnoma kiritilgandi. Yuqori palata uni lavozimdan olish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.








