Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Robaxon Mahmudova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu haqdagi prezident taqdimnomasi senatorlar tomonidan ma’qullandi.
U Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida 2020-yilning iyulidan buyon ishlab kelayotgandi. Senat qaroriga ko‘ra, Robaxon Mahmudova 10 yil muddatga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylanib, Senatning Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgandi.
Robaxon Mahmudova 1968-yili Farg‘onada tug‘ilgan. U mehnat faoliyatini quyi sudlardan boshlab, Oliy sud sudyasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi vazifasida ishlagan. 2020-yil yanvarigacha Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
2020-yilning yanvarida Farg‘ona viloyatidan senator etib saylangan, keyinroq O‘zbekiston Senatining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimiga saylangandi. 2020-yil mart oyida “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
U 2023-yilda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida saylovda ishtirok etgandi.
Izoh (0)