Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deynsni qabul qildi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlati rahbari parlamentlararo aloqalarga, xususan, Senatdagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus faoliyatiga yuqori baho berdi. Ikki tomonlama hamkorlikda misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani qayd etildi. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘smoqda, AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalarining soni ko‘paymoqda.
So‘nggi oylarda rekord qiymatdagi kelishuv va shartnomalar imzolandi. Bu galgi tashrif davomida yangi iqtisodiy hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. AQSH Kongressi mazkur kelishuvlarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashi muhim ekani ta’kidlandi.
Senator Stiv Deyns vakillik qilayotgan Montana shtati bilan faol hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Shtat ishbilarmonlarining delegatsiyasini O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4-noyabr kuni Vashington shahriga kelgandi. 5-noyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi. O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif davomida prezident Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi.








