Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko iste’foga chiqish haqida ariza berdi. U bu haqda o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
“Bu siyosiy qaror. Men uni ongli ravishda qabul qildim. Bosh prokuror lavozimidan siyosiy qarama-qarshilik vositasi sifatida foydalanilishini istamayman. Ayblovlarga nisbatan mening pozitsiyam o‘zgarishsiz qoladi”, dedi Kravchenko.
U prezident va Oliy Radaga minnatdorlik bildirib, iste’fosini qabul qilishlarini so‘radi.
“O‘z ishini adolatli bajarayotgan hamkasblarimga rahmat. Sudda jabrlanganlar bilan ishlayotgan, Rossiya jinoyatlarini hujjatlashtirayotgan va davlat manfaatlarini himoya qilayotgan har bir xodimga minnatdorlik bildiraman. Sizning mehnatingiz hech qachon qadrsizlanmasligi kerak”, deb yozdi Kravchenko.
Bosh prokuror bunday bayonotni korrupsiya mojarosi fonida — firibgarlik Call-markazlari bo‘yicha o‘tkazilgan tintuvlardan so‘ng berdi. Oʻtgan haftada Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi bosh prokuror idorasida tintuv oʻtkazib, Xalqaro hamkorlik departamenti boshligʻi oʻrinbosari Sergey Kropivani firibgarlikda ayblab qoʻlga olgandi.
Avvalroq Kravchenko xodimining ushlanishi sababli isteʼfoga chiqish niyati yoʻqligini taʼkidlagandi. Maʼlumot uchun, Ruslan Kravchenko 2025-yil iyun oyidan beri Ukraina bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.
So‘nggi bir yil ichida korrupsion mojarolar sabab bir qancha yuqori martabali ukrainalik amaldorlar lavozimidan ayrildi. Ular orasida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak, prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Irina Mudraya (hozirda hibsda) va adliya vaziri German Galushchenko bor.








