Daryo

Ukraina prezidenti ofisi sobiq rahbari pul yuvishda gumonlanmoqda

Siyosatchi elita turar joy loyihasi orqali 10 mln dollardan ortiq mablag‘ni legallashtirishgan bo‘lishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish5 504 ko‘rishlar0 izoh1

Ukraina prezidenti ofisi sobiq rahbari Andrey Yermak jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirishda gumonlanmoqda. Bu haqda Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (“SAP”) xabar berdi.

“SAP” ma’lumotlariga ko‘ra, gap Kiyev yaqinida elita ko‘chmas mulk qurilishi doirasida pul yuvish bilan bog‘liq uyushgan guruh faoliyati haqida ketmoqda. Qurilish loyihasi orqali qariyb 460 million grivna (10 million dollardan ortiq) mablag‘ legallashtirilgan. Xususan, Kozin qishlog‘idagi “Dinastiya” deb nomlangan majmuada har biri 1000 kvadrat metr bo‘lgan to‘rtta qarorgoh qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihada uy egalari uchun umumiy sport zali, basseyn va spa-zonaga ega beshinchi maxsus bino qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Andrey Yermak hozircha vaziyatga batafsil izoh berishdan bosh tortmoqda:

“Men hozir hech qanday izoh bermayman. Tergov harakatlari yakunlangach, munosabat bildiraman... Mening birorta ham uyim yo‘q, faqat bitta kvartiram va siz ko‘rgan bitta avtomobilim bor”, degan u.

Siyosiy faoliyat va frontga ketish va’dasi

Avvalroq Yermakka nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida “Ukrainskaya pravda” o‘z manbalariga tayanib xabar bergandi. Biroq u nimada gumonlanayotgani noma’lum bo‘lgan. 2025-yilning noyabr oyida “Energoatom” ishi doirasida uning uyida tintuv o‘tkazilgan, shundan so‘ng u Prezident ofisi rahbari lavozimidan ozod etilgandi.

Lavozimidan ketgach, Yermak frontga jo‘nab ketish niyatini bildirgan. Biroq 2026-yil yanvar oyida Ukraina Mudofaa vazirligi u safarbarlik markazlariga murojaat qilmaganini bildirgan. 2026-yilning mart oyidan boshlab u Milliy advokatlar assotsiatsiyasi qoshidagi Qurolli tajovuzdan jabrlanganlarni himoya qilish qo‘mitasiga rahbarlik qilmoqda.

“Yermak Zelenskiydan keyin Ukrainaning ikkinchi eng qudratli shaxsi sifatida ko‘rilardi. U Ukraina siyosatining katta qismiga sezilarli ta’sir o‘tkazgan”, deb yozmoqda Reuters agentligi.

Keng ko‘lamli tergov

Yermakka nisbatan qo‘zg‘atilgan ish Ukrainada yuqori lavozimdagilarga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq kengroq tergovning bir qismidir. Mazkur jarayon ilk bor 2025-yil noyabrida, Zelenskiyning sobiq biznes hamkori Timur Mindich davlat atom agentligida 100 million dollarlik noqonuniy o‘zlashtirish sxemasini boshqarganlikda ayblanganida ochiqlangan edi.

Tergov doirasida Zelenskiyning yaqin safdoshi bo‘lgan sobiq bosh vazir o‘rinbosariga ham ayblov e’lon qilingan. Prezidentning kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Litvinga ko‘ra, protsessual harakatlar davom etayotgani sababli, Andrey Yermakka bildirilgan gumonlar bo‘yicha yakuniy xulosa berishga hali erta.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar