Daryo

Ukrainada Zelenskiy ofisi rahbarining uyi tintuv qilindi

Tintuv “Mindichgeyt” deb atalgan keng ko‘lamli korrupsiya ishi doirasida o‘tkazilmoqda. Ushbu ish doirasida Zelenskiyning yaqin hamkori Timur Mindich asosiy figurant hisoblanadi.

1 daqiqa o‘qish1 826 ko‘rishlar0 izoh5

Ukrainada prezident ofisi rahbari Andrey Yermakning uyida tintuv o‘tkazildi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” nashri xabar berdi.

Tergov harakatlarida Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) va Ixtisoslashgan korrupsiyaga qarshi prokuratura ishtirok etmoqda. Tintuv keng ko‘lamli korrupsiya mojarosi fonida o‘tkazilmoqda. Mazkur ish davlatga qarashli “Energoatom” kompaniyasi orqali energetika sohasidan taxminan 100 million dollar mablag‘ni noqonuniy undirish sxemasi bilan bog‘liq.

Ishga adliya vaziri German Galushchenko, energetika vaziri Svitlana Xrinchuk, atom energetikasi agentligi mansabdorlari va Davlat tergov byurosining yuqori lavozimli amaldorlari ham aloqador sifatida tilga olinmoqda.

Mojaroning markazida Zelenskiyning yaqin hamkori, sobiq biznes sherigi va tadbirkor Timur Mindich turibdi. Holat siyosiy maydonda “Mindichgeyt” nomi bilan tilga olinmoqda. Andery Yermak esa bu ishda Korrupsiyaga qarshi milliy byuro va Maxsus prokuratura faoliyatiga to‘sqinlik qilganlikda ayblanmoqda. Muxolifat Yermakning iste’fosini talab qilmoqda, biroq Zelenskiy hozircha o‘z idorasi rahbarini lavozimidan ozod etmoqchi emas.

Shu bilan birga, Yermak yaqinda Jenevada Yevropa ittifoqchi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qildi. Unda AQSH tomonidan urushni to‘xtatish uchun taklif etilgan 28 bandli reja muhokama qilingan. Andrey Yermak uyida tintuv o‘tkazilayotganini tasdiqladi.

“Tergovchilarga hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Ularga kvartiraga to‘liq kirish imkoniyati berilgan. Joyida mening advokatlarim bor va ular huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilmoqda. Mening tomonimdan to‘liq ko‘mak bor”, deb yozdi u Telegram kanalida.

Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenkoning ta’kidlashicha, NABU yaqin vaqt ichida Yermakka nisbatan rasmiy ayblov e’lon qilishi mumkin.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar