4-sentyabr kuni Yashnobod tumanidagi Ohangaron ko‘chasida YPX xodimlari Damas avtomobilini to‘xtatgan. Tekshiruv davomida unda 25 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi borligi aniqlangan. Bu haqda IIBB YHXB xabar berdi.
Haydovchining hujjatlari tekshirilganda, uning transport vositasini boshqarish huquqi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, u avval mast holda avtomobil boshqargani uchun sud qarori bilan haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.
Haydovchi o‘z ko‘rsatmasida bolalarni Aliyeva ko‘chasidagi bog‘chalardan olib, Olmos mahallasiga olib borayotganini bildirgan. U bolalarning ota-onalari va bog‘cha xodimlaridan uzr so‘rab, qilgan ishidan afsusdaligini aytgan.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Damas vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Avvalroq Andijonda 58 nafar bolani olib ketayotgan haydovchi aniqlangani haqida xabar berilgandi.








