Daryo

Toshkentda YPX inspektorini BMW’da urib ketgan o‘quvchi qamoqqa olindi

Unga nisbatan transport vositasini olib qochish va qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuror tergovni shaxsan nazorat qilmoqda.

1 daqiqa o‘qish8 965 ko‘rishlar0 izoh9

Toshkent shahri Mirobod tumanida YPX inspektorini avtomobilda urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010-yilda tug‘ilgan, maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov 25-fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan BMW avtomashinasini avtomobil yuvish shoxobchasidan xodimlarni ogohlantirmasdan olib chiqib ketgan.

U Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotganda transport oqimini tartibga solish maqsadida to‘xtash ishorasini bergan YPX inspektori, kichik serjant Hosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Aksincha, boshqa transport vositalarini xavfli tarzda aylanib o‘tib, inspektorni qasddan urib yuborgan va voqea joyidan harakatini davom ettirgan.

Og‘ir tan jarohatlari olgan Hosilbek Eshnazarov shifokorlar sa’y-harakatiga qaramasdan komadan chiqmay vafot etgan. Dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, gumonlanuvchining harakatlarida transport vositasini olib qochish hamda jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish alomatlari aniqlangan. Shu asosda u Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan gumon qilinuvchi sifatida jalb etilgan.

Sudning 28-fevral kungi ajrimi bilan Turg‘unovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan olib borilmoqda, tergov ustidan nazorat Bosh prokuror tomonidan amalga oshirilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ish har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanadi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar