Toshkent shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektorini mashinada urib yuborgan haydovchiga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2024-yil 12-may kuni soat taxminan 19:20 da sodir bo‘lgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, haydovchi BYD Han rusumli avtomobilni transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz, soatiga taxminan 100 kilometr tezlikda boshqarib ketayotgan vaqtida YPX inspektorining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. U xizmat olib borayotgan inspektorni avtomobilning old qismi bilan urib yuborgan.
Shifokorlarning aytishicha, inspektor og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga olib kelingan. Uning tanasida bir nechta sinishlar aniqlangan va u sakkiz kun reanimatsiya bo‘limida davolangan. Tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgani sababli xodimning hayoti saqlab qolingan, biroq u oyoq qismidan jiddiy jarohat olgan.
Jabrlanuvchining yaqinlari hodisadan keyin u uzoq vaqt davolanganini aytmoqda. U 34 kundan so‘ng o‘ziga kelgan, olti oy davomida yotib davolangan va qariyb bir yil o‘tib yana ishga qaytgan. Shu bilan birga, hodisa oqibatlari sabab hozir ham sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlangan.
Mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, haydovchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Sud jarayonlari davomida jabrlanuvchi tomoni haydovchi yoki uning yaqinlari tomonidan voqeadan keyin yordam ko‘rsatilmaganini ham bildirgan. Jabrlanuvchining yaqinlari fuqarolarni transport vositasini hujjatlarsiz boshqarmaslikka hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.








