Daryo

O‘zbekistonda maktab taʼlimi: 35 yilda nimalar o‘zgardi?

Davlat mustaqilligining 35 yili ortda qoldi. O‘tgan davrda boshqa sohalar qatori taʼlimda ham sezilarli o‘zgarishlar qilindi. Hududlarda yangi maktablar qurilib, o‘quv tizimiga zamonaviy dasturlar joriy etildi. Maqolada so‘nggi 35 yil ichida maktab taʼlimi qanday bosqichlarni bosib o‘tgani, o‘quv dasturlari va infratuzilmadagi o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘z boradi.

5 daqiqa o‘qish9 721 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston sobiq Sovet ittifoqidan mustaqil bo‘lganiga 35 yil to‘ldi. Bu davrda boshqa sohalar qatori taʼlim tizimida ham qator o‘zgarishlar qilindi. Maktablar qurildi, taʼlim mazmuni va sifatini yaxshilash bo‘yicha yangi dasturlar joriy etildi. Biroq bir savol ochiq: o‘quvchilar olayotgan taʼlim sifati real hayot talablariga qanchalik mos kelmoqda? Mustaqillik bo‘sag‘asidagi va bugungi maktablarning farqi nimada?

Maktablar va o‘quvchilar sonidagi farqlar

Respublikada 35 yil ichida aholi ko‘payishi barobarida maktablar va o‘quvchilar soni ham o‘sdi. Masalan, 1990-1991-yillarda O‘zbekistonda 8,5 mingta maktab faoliyat yuritgan. Ularda jami 4,7 million o‘quvchi taʼlim olgan.

2026-yil boshiga kelib mamlakatdagi jami maktablar soni 10 193 taga yetdi. Bu o‘tgan 35 yillik davrning har bir yilida o‘rtacha 48 ta maktab qurilganini anglatadi. Hozirda maktab o‘quvchilari soni 6,4 million nafarni tashkil etmoqda. O‘quvchilar mustaqillik davrida 1,7 million nafarga ortgan bo‘lsa, yiliga o‘rtacha 48,5 ming nafardan ko‘payib borgan.

Infografika: “Daryo”/Asadbek Berdiyorov

Aholining jadal o‘sishi fonida yangi maktablar qurilishi o‘quvchilar sonining ortish sur’atidan ortda qolayotganini taxmin qilish mumkin. Chunki 1990-1991-yillarda jami o‘quvchilarning 1,2 million nafari yoki 26,1 foizi ikki va uch smenada o‘qigan. Bugun esa 60 foizdan ortiq bolalar ikki smenada o‘qimoqda. Mamlakatdagi maktablarda besh milliondan ziyod o‘quvchi o‘rni mavjud. Yaʼni bir milliondan ortiq o‘quvchi uchun o‘rinlar yetishmaydi.

Foto: “Daryo” / Asadbek Berdiyorov

Siyosatning taʼlimga taʼsiri

Sovet davridagi O‘zbekiston taʼlim tizimining hozirgidan fundamental ajralib turadigan jihati — avval tizim kommunistik mafkura asosida ishlagan. O‘quv dasturlariga siyosiy g‘oyalar singdirilgan, aytaylik tarix, siyosatshunoslik, adabiyot fanlarida sovet ideologiyasi yetakchi o‘rin egallagan.

Mustaqillikdan keyin davlat boshqaruvida maʼlum o‘zgarishlar yuz berdi. Tabiiyki, bu jarayon taʼlimga ham taʼsir ko‘rsatdi. Tizimni rivojlantirish bo‘yicha yangi dasturlar ishlab chiqildi, darsliklar yangilanib bormoqda.

Toshkent shahridagi 17-maktab o‘quvchilari, 1979-yil
Foto: mytashkent.uz

Taʼlim bosqichlaridagi o‘zgarishlar

Mustaqillikdan avvalgi bir necha o‘n yillik davrlarda maktab taʼlimi 7, 8 va 10 yilni tashkil etgan. 1992-yil 2-iyulda “Taʼlim to‘g‘risidagi” qonun qabul qilindi. Hujjat asosida umumiy o‘rta taʼlim uch bosqichdan: boshlang‘ich taʼlim 1-4 sinflar, tayanch taʼlim 5-9-sinflar, o‘rta taʼlim 10-11 sinflardan iboratligi belgilab qo‘yildi.

1997-yilda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga binoan, to‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus kasb-hunar taʼlimi joriy etildi. Dastur asosida taʼlim quyidagi turlarga bo‘lingan:

  • maktabgacha taʼlim;
  • umumiy o‘rta taʼlim;
  • o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi;
  • oliy taʼlim;
  • oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlim;
  • kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
  • maktabdan tashqari taʼlim.
Dasturda yozilishicha, 1997-yilgacha mamlakatdagi o‘quv jarayoni bilim darajasi o‘rtacha bo‘lgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan bo‘lgan. O‘quv dasturlari 1997-yilda ham sovet mafkuraviy sarqitlaridan to‘liq holi emasligi qayd etilgan.
Zomin tumanidagi maktab o‘quvchilari, 2021-yil
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

2017/18-o‘quv yilidan boshlab 11 yillik majburiy umumiy o‘rta taʼlim tizimi qayta tiklandi. Bu masala jamoatchilik, ota-onalar va 9-sinflar bitiruvchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangani maʼlum qilingan.

2019-yildan respublikada yangi turdagi prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar ochila boshladi. 3 120 ta ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi. Shu bilan oddiy umumtaʼlim maktablari bilan birga bilimi va qobiliyati nisbatan kuchli yoshlarni alohida tarbiyalashga asoslangan taʼlim dargohlari ochildi. O‘z navbatida xususiy maktablar faoliyati kengaydi. 

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Hozirda 40 foizdan ortiq maktablar avvalgidek bo‘rda yoziladigan emas, balki elektron doskalar bilan taʼminlangan. Ko‘plab sinfxonalarni kompyuterlar bilan jihozlangan, raqamli taʼlim ham rivojlanish bosqichida.

Zamonaviy maktab o‘quvchilari, 2022-yil
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Darsliklar soni ortdi

Mustaqillikning ilk yillari — 1991–1995-yillarda O‘zbekistonda 164 nomdagi maktab darsliklari nashr qilingan. Jumladan, 44 nomdagi mutlaqo yangi darslik, 21 nomdagi muqobil darsliklar yaratilgan.

2023-yilga kelib, mamlakatda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida boshlang‘ich sinflar uchun 775 nomda yaratilgan yangi avlod darslik majmualari 72 million nusxada chop etila boshlangan. Darsliklarga qo‘shimcha ravishda o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va multimedia ilovalari yaratilgan. O‘zbekiston maktab taʼlimida ilk marotaba xorijdan eng yaxshi o‘quv adabiyotlarini maktablar uchun adaptatsiya qilish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 2023/24-yilidan boshlab o‘quvchilar 1-11-sinflarda ingliz tili darsliklari va metodikasi bo‘yicha o‘qitila boshlangan. USAID xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha doirasida jami 46 nomdagi o‘quv adabiyotlari O‘zbekistonga moslashtirilgan, tarjima qilingan va tajriba-sinovdan o‘tkazilgan.

Maktab darsliklari
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Avvalgi va hozirgi maktab vazirlari

O‘tgan 35 yil davomida xalq taʼlimi tizimini o‘ndan ortiq vazir boshqardi. Ular orasida lavozimida eng uzoq qolgan shaxs Jo‘ra Yo‘ldoshev bo‘lgan. Jo‘ra Yo‘ldoshev tizimga 1991-yildan – 2000-yilgacha (to‘qqiz yil) rahbarlik qilgan. Boshqa vazirlar asosan uch yildan besh yilgacha, ayrimlari bir yil mazkur lavozimda faoliyat olib bordi.

Jo‘ra Yo‘ldoshevdan keyingi xalq taʼlimi vaziri Risoboy Jo‘rayev bo‘lgan (2000-yil 11-avgust — 2004-yil 7-may).
Uchinchi vazir Turopjon Jo‘rayev hisoblanib, tizimni 2004-yil 7-maydan 2008-yil-26-martgacha boshqargan. Qolgan vazirlar va ularning boshqaruv yillari quyidagicha:

  • G‘ayrat Shoumarov, 2008-yil 28-aprel — 2010-yil 26-fevral;
  • Avazjon Marahimov, 2010-yil 2-mart — 2011-yil 30-iyun;
  • Temur Shirinov, 2011-yil 4-iyul — 2013-yil 7-fevral;
  • Ulug‘bek Inoyatov, 2013-yil 7-fevral — 2018-yil 20-iyun;
  • Sherzod Shermatov, 2018-yil 20-iyun — 2021-yil 17-noyabr;
  • Baxtiyor Saidov, 2021-yil 17-noyabr – 2022-yil 30-dekabr;
  • Hilola Umarova, 2022-yil 30-dekabr – 2025-yil 14-iyul.
Hozirda vazirlik nomi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bo‘lib, tizimni Eʼzoza Karimova 2025-yil 14-iyuldan beri boshqarib kelmoqda.
Eʼzoza Karimova
Foto: “Daryo” / Farrux Aliyev

Taʼlim sifati dolzarbligicha qolgan

Garchi 35 yil davomida tizimda qator o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, barcha bolalarga sifatli taʼlim berilyapti, deyishga hali erta. Buni oliygohga kirish uchun o‘ziga o‘qitilgan darsliklarni takroran yodlash uchun repetitorga qatnayotgan, PISA imtihonidan past baho olgan yoki universitetga o‘qishga kirish uchun minimal ball ham to‘plolmagan bolalar ulushi ko‘pligidan ham anglash mumkin. Yaʼni maktabdagi taʼlim yetarli darajada yaxshi o‘zlashtirilmayotgani aytiladi.

O‘z navbatida sifatli taʼlim beradigan professional pedagoglarni ham yetarli deb bo‘lmaydi. Masalan, 2022-yil yanvardagi yig‘ilishda prezident 504 ming pedagogdan 12 foizi o‘rta maxsus maʼlumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yo‘qligini aytgandi.

2026-yil I yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha nominal oylik ish haqi miqdori 7,1 million so‘mga yetdi. Biroq taʼlim sohasi vakillarining o‘rtacha maoshi 5 million so‘mga ham yetmagan. Yaʼni aksariyat o‘qituvchilar oyligi hali respublikadagi o‘rtacha ish haqi miqdoridan kam. Tabiiyki, soha rivoji va yoshlarni taʼlim bo‘yicha yetuk kadr sifatida shakllanishida moddiy manfaatning ham o‘z o‘rni bor.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha taʼlim sifatini tubdan oshirish maqsad qilingan. Xususan, mamlakatni PISA xalqaro baholash dasturida dunyoning eng yaxshi 30 ta davlati qatoriga kiritish vazifasi belgilangan. Taʼlim tizimida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham katta rejalar mavjud. Misol uchun, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2030-yilgacha umumiy o‘rta taʼlim maktablarining elektron doskalar bilan taʼminlanishini 100 foizga yetkazish, oliy maʼlumotli pedagoglar ulushini 99 foizga chiqarish maqsad qilingan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar