Daryo

So‘nggi ikki yil ichida ta’lim sohasidagi hujumlar 40 foizga oshdi

10 600 nafar odamning o‘limiga olib kelgan holatlar 83 ta davlatda kuzatildi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Gaiti, Falastin va Ukrainada qayd etildi.

2 daqiqa o‘qish4 931 ko‘rishlar0 izoh6

Dunyo miqyosida ta’lim sohasiga qilingan hujumlar 40 foizga keskin oshdi. 15-iyun kuni e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, 2024 va 2025-yillarda 8556 dan ortiq bunday holat qayd etilgan. Oqibatda 10 600 nafar talaba, o‘quvchi va xodim halok bo‘lgan, yaralangan, o‘g‘irlangan yoki hibsga olingan. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Hujumlar jami 83 ta davlatda kuzatilgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Gaiti, Falastin va Ukrainada qayd etildi.

“Ta’limni hujumlardan himoya qilish global koalitsiyasi” (GCPEA) hisobotiga ko‘ra, Ukrainada maktablarga qariyb 900 ta hujum uyushtirilgan. Falastinda esa o‘quvchilar va ta’lim xodimlariga kamida 2400 marta hujum qilingan.

Tadqiqotda aytilishicha, harbiy kuchlar yoki qurolli guruhlar tomonidan maktab va universitetlarni egallab olish holatlari qariyb ikki barobarga (91 foizga) ko‘paygan. Bunday holatlar soni 1912 tani tashkil etdi.

“Bu holat bolalarni himoya qilgan global normalar parchalanayotganidan ogohlantirmoqda. Dunyo hatto eng kichik yoshdagilar ham xavf ostida qoladigan joyga aylanib bormoqda. Agar hozir vaziyatni qo‘lga olmasak, keyin kech bo‘lishi mumkin”, dedi GCPEA direktori Liza Chung Bender.

Eng ko‘p jabrlangan davlatlar va qizlarga hujumlar

Ta’lim sohasiga qilingan hujumlar oqibatida eng ko‘p qurbonlar Myanma, Nigeriya, Yaman va Kamerunda qayd etildi. Bu davlatlarda jami 1700 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘lgan yoki yaralangan.

Nigeriyada 700 dan ortiq talaba va xodim o‘g‘irlab ketilgani xabar qilinmoqda. Myanmada esa kamida 80 nafar ta’lim xodimi va o‘quvchi o‘ldirilgan, 240 nafari yaralangan. Kamida 11 ta davlatda xotin-qizlar aynan jinsi tufayli nishonga olingan. Masalan, 2025-yil noyabr oyida Nigeriyada qurolli shaxslar katolik maktabiga hujum qilgan. Ular 300 dam ortida o‘quvchini o‘g‘irlab ketgan.

Shuningdek, ta’lim olishda qiyinchilikka uchraydigan nogironligi bor o‘quvchilar ham zarar ko‘rgan. Manbalarga ko‘ra, 2025-yil 11-sentyabr kuni Livanda Isroil harbiylari alohida ehtiyojli bolalar maktabini portlatib, butunlay vayron qilgan.

War Child UK xayriya tashkiloti vakili Kiran Kingning aytishicha, ta’limga qilingan hujumlar Jeneva konvensiyalari kabi xalqaro huquqlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

“2010-yildan beri mojarolar hududida yashayotgan bolalar soni 60 foizga ko‘paydi. Shu davr ichida bolalarga nisbatan og‘ir jinoyatlar, jumladan, ta’limga hujumlar 373 foizga oshdi”, dedi King.

Uning qo‘shimcha qilishicha, davlatlarning sanksiyalar yoki yordamlar to‘xtashidan qo‘rqmay harakat qilayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa xalqaro gumanitar huquqning poymol bo‘lishiga olib kelmoqda.

Ushbu raqamlar fonida, davlatlar o‘rtasidagi mojarolar soni Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori darajaga yetdi. Uppsala universitetining ma’lumotlar bazasi 2025-yilda 65 ta mojaroni ro‘yxatga oldi. Ulardan 13 tasi urush deb tasniflangan (bir yilda kamida 1000 kishi halok bo‘lgan). Bu 1992-yildan berigi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Yil davomida harbiylar va tinch aholi orasida qurbonlar soni ham keskin ko‘paydi. Umuman olganda, 2025-yilda uyushtirilgan zo‘ravonliklarda 244 000 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 1994-yildagi Ruandadagi genotsiddan keyingi ikkinchi eng qonli yil bo‘ldi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar