Afg‘onistonning “Tolibon” hukumati cheklovlar doirasida maktablarda smartfon ishlatishni taqiqladi. Yangi qoidaga ko‘ra, yonida smartfoni borligi aniqlangan o‘qituvchilar va ta’lim sohasi xodimlari ishdan bo‘shatiladi. Bu haqda Kabul Now nashri xabar berdi.
Nashr qo‘lga kiritgan audioyozuvda ta’lim sohasi rasmiylaridan biri gapirgan. U 13-iyun kunidan boshlab o‘qituvchilar va barcha ta’lim xodimlari uchun mobil telefonlardan foydalanish taqiqlanganini ma’lum qilgan. Manbalarning bildirishicha, ushbu audioyozuv Balx viloyatidagi ta’lim xodimlaridan biriga tegishli.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” vakillari smartfoni bor shaxslar sudga topshirilishini aytgan. Ularning telefonlari sindirib tashlanadi. Shuningdek, bu shaxslar egallab turgan lavozimidan ozod etilishi ham mumkin.
O‘tgan hafta “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda buyruq chiqarib, harakat vakillari va hukumat xodimlari uchun smartfonlardan foydalanishni taqiqlagandi. Harbiy sudlarga yuborilgan ko‘rsatmada aytilishicha, ushbu qoidani buzganlar “jinoyatchi” hisoblanadi.
Ularga jazo berish uchun ishlari harbiy sudlarga oshiriladi. Taqiq ortidan harakat a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z smartfonlarini urib sindirayotgani aks etgan video joyladi.
Taqiq sabablari va oqibatlari
Yangi tartib “Tolibon” rahbariyatining ichki tartib-intizomni kuchaytirish harakatidir. Ular shu yo‘l bilan guruh a’zolari o‘rtasida ma’lumotlar oqimini nazorat qilmoqchi.
Smartfonlardan foydalanishni cheklash sabablari xavfsizlik masalalariga borib taqaladi. “Tolibon” ma’lumotlar sizib chiqishi hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ruxsat berilmagan kontentlar tarqalishidan xavotirda.
Biroq smartfonlardan foydalanishni cheklash Afg‘onistonni dunyodan yanada uzib qo‘yishi mumkin. Vaholanki, mamlakat hozirda jiddiy siyosiy va iqtisodiy muammolarga duch kelmoqda. Smartfonlar bugungi kunda muloqot, axborot olish, ta’lim va kasbiy rivojlanish uchun eng muhim vositaga aylangan.








